O‘zbekiston terma jamoasi FIFA reytingida ikki pog‘ona pastladi
FIFA tomonidan milliy terma jamoalarning yangilangan reytingi e’lon qilindi. Unga ko‘ra, O‘zbekiston milliy terma jamoasi ushbu jadvalda avvalgi oydagi o‘rnidan ikki pog‘ona pastladi va 52-o‘rinni band etdi.
Qit’a kesimida esa milliy terma jamoa Osiyo termalari orasida beshinchi o‘rinni band etgan. Ayni damda qit’amizda termamizdan oldin Yaponiya, Eron, Janubiy Koreya va Avstraliya termalari joylashgan.
Qayd etish joizki, jahon reytingini ayni paytda Ispaniya milliy terma jamoasi boshqarib borayotgan bo‘lsa, ikkinchi va uchinchi pog‘onalarni Argentina hamda Fransiya termalari egallab turibdi.
Ma’lumot uchun, Fabio Kannavaro shogirdlari 22 yanvardan 2 fevralga qadar Qatar poytaxti Doha shahrida o‘quv-mashg‘ulot yig‘inida ishtirok etadi. Yig‘inga asosan mahalliy va yosh futbolchilar jalb etiladi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA