“Vazir va yoshlar uchrashuvi”da AQSHlik olimlar bilan muloqot qilindi
O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida o‘tkazilgan “Vazir va yoshlar uchrashuvi”da sport vaziri Adham Ikromov ayni kunlarda yurtimizda mehmon bo‘lib turgan AQSHlik jismoniy mashqlar fiziologiyasi yo‘nalishidagi yetakchi olimlar Brayan Xants va Skott Uord bilan muloqot qildi.
Muloqot davomida xorijlik olimlar bilan yuqori malakali sportchilarning tiklanish jarayonlarini optimallashtirish, chidamlilikni oshirish usullarini tadqiq etish, yurakning jismoniy yuklamalarga moslashuvining asosiy ko‘rsatkichlari, yurtimizda fizioterapiya sohasini yanada rivojlantirish, AQSH ilmiy tadqiqot institutlari bilan hamkorlik aloqalarini rivojlantirish istiqbollariga oid dolzarb masalalar muhokama qilindi.

“Vazir va yoshlar uchrashuvi”da esa yoshlarning takliflari, rejalari, ilmiy ishlanmalar, sport hamda boshqa ijtimoiy masalalar yuzasidan fikr-mulohazalari tinglandi.
Vatanimiz kelajagi bo‘lgan barkamol avlod vakillarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning bilim va salohiyatini yuksaltirish, qiziqish va intilishlarini rag‘batlantirish, jamiyat hayotida faol ishtirok etishiga ko‘maklashish borasida fikr-mulohazalar o‘rtaga tashlandi.
Muloqotlar davomida sport vaziri A.Ikromov universitetda ilmiy ishlanmalar va innovatsion texnologiyalarni sohaga qo‘llash borasidagi ishlar, talabalar uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.
Xususan, oliy ta’lim dargohida tashkil etilgan bepul turk va koreys tili markazlari, tikuvchilik yo‘nalishida to‘garaklar faoliyati ko‘zdan kechirildi.

O‘z navbatida, talaba-yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan mavzular hamda sport sohasini rivojlantirish, yaratilayotgan imkoniyatlar va kelgusidagi rejalar xususida gapirib berdi.

Samimiy ruhda o‘tgan muloqot yoshlarning taklif va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, ularni sport va sog‘lom turmush tarziga yanada keng jalb etish masalalariga bag‘ishlandi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA