O‘zbekiston temir yo‘llari taraqqiyot solnomasi
Mustaqillikning 35 yilligi
O‘zbekiston temir yo‘llari mamlakatimizning hududiy yaxlitligi, iqtisodiy taraqqiyoti va xalqaro transport-kommunikatsiya tizimidagi o‘rnini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi. O‘tgan yillar davomida yangi temir yo‘l liniyalarini barpo etish, mavjud tarmoqlarni elektrlashtirish, zamonaviy yo‘lovchi poyezdlarini joriy qilish, vokzal va infratuzilmani yangilash borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi.
Ayniqsa, sohani isloh qilish, raqamlashtirish, xizmatlar sifatini oshirish va mamlakatning tranzit salohiyatidan samarali foydalanishga alohida e’tibor qaratilmoqda. 1994-yilda milliy temir yo‘l kompaniyasining tashkil etilishidan boshlangan taraqqiyot jarayoni bugun yangi temir yo‘llar, yuqori tezlikda harakatlanuvchi elektropoyezdlar va yirik xalqaro transport loyihalari bilan davom etyapti.
Quyida O‘zbekiston temir yo‘llarida 1994–2026-yillar davomida amalga oshirilgan eng muhim ishlar va loyihalarni ko‘rib chiqamiz.
1994-yil

7-noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston temir yo‘llari” davlat aksiyadorlik kompaniyasini tuzish to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi.
1995–2000-yillar

342 kilometrlik “Navoiy – Uchquduq – Sulton-Uvaystog‘ – Nukus” temir yo‘l yo‘nalishi bunyod etildi;
Amudaryo uzra temir yo‘l va avtomobil harakati uchun mo‘ljallangan qo‘shma ko‘prik qurildi.
2001-yil

Markaziy Osiyoda yagona bo‘lgan “Toshkent yo‘lovchi vagonlarini qurish va ta’mirlash zavodi” aksiyadorlik jamiyati tashkil etildi;
Korxonada bugungi kungacha 16 turdagi yo‘lovchi va maxsus texnik xizmat ko‘rsatish vagonlarini ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi.
2002-yil

27-avgust kuni “Uchquduq – Sulton-Uvaystog‘ – Nukus” temir yo‘li bo‘ylab birinchi yo‘lovchi poyezdi Qo‘ng‘irotga keldi.
2003-yil

1-yanvardan “O‘zbekiston temir yo‘llari” kompaniyasi yangi tuzilmaviy tarkibda – 5 ta mintaqaviy temir yo‘l uzeli va 2 ta unitar korxona bilan ish boshladi.
2004-yil

15-yanvar kuni Toshkent – Samarqand yo‘nalishida “Registon” tezyurar poyezdining doimiy qatnovi boshlandi;
20-avgustda Toshguzar – Dehqonobod stansiyalari orasidagi 56,8 kilometrlik uchastkada poyezdlar qatnovi ochildi.
2005-yil
OPMS-203 bazasida Maxsus mexanizatsiyalashgan yo‘l stansiyasi tashkil etildi.
2006-yil

Toshguzar – Boysun – Qumqo‘rg‘on yangi temir yo‘lida uzunligi 278 metr, balandligi 48 metr bo‘lgan ko‘prikdan birinchi poyezd harakatlandi.
2007-yil
Mamlakat janubiy viloyatlarini boshqa hududlar bilan bog‘lash maqsadida murakkab tog‘li hududlardan o‘tuvchi 223 kilometrlik “Toshguzar – Boysun – Qumqo‘rg‘on” temir yo‘l liniyasi qurildi;
Shu yili “Chashmai Hafizon” stansiyasi yaqinida Yaponiya investitsiyasi ishtirokidagi ko‘priklarga birinchi tosh qo‘yish marosimi o‘tkazildi.
2008-yil

Toshkent – Qarshi yo‘nalishida “Nasaf” tezyurar poyezdi qatnovi yo‘lga qo‘yildi.
2009-yil

“O‘zbekiston temir yo‘llari” va Ispaniyaning “Talgo” kompaniyalari o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzolandi.
2010-yil
O‘zbekistonlik temiryo‘lchilar tomonidan Afg‘oniston tarixidagi birinchi 75 kilometrlik “Hayraton – Mozori-Sharif” temir yo‘lini qurish ishlari boshlandi.
2011-yil
4-may kuni Buyuk ipak yo‘li turizmini rivojlantirish dasturi doirasida “Buxoro – Urganch – Buxoro” tezyurar yo‘lovchi poyezdi harakatlanishni boshladi;
Shu yili Ispaniyadan mamlakatimizga birinchi yuqori tezlikda harakatlanuvchi “Afrosiyob” zamonaviy elektropoyezdi olib kelinib, dastlab Toshkent – Samarqand yo‘nalishida qatnay boshladi.
2012-yil
27-dekabr kuni Toshkent shahrida temiryo‘lchilar uchun yangi ko‘p qavatli uylar foydalanishga topshirildi. Shu kuni 40 temir yo‘lchi oilasi yangi xonadonlarga ko‘chib o‘tdi.
2013-yill

“Angren – Pop” temir yo‘li qurilishi boshlandi;
Uzunligi 123,1 kilometr bo‘lgan “Angren – Pop” temir yo‘li va 19,2 kilometrlik murakkab “Qamchiq” temir yo‘l tunnelidan iborat yo‘nalish to‘liq elektrlashtirildi.
2014-yil
“Maroqand – Qarshi” va “Qarshi – Termiz” temir yo‘l uchastkalarini elektrlashtirish uchun zarur infratuzilmani barpo etish bo‘yicha Xitoyning CNTIC-EEB konsorsiumi bilan shartnoma imzolandi.
2015-yil
“Maroqand – Qarshi” uchastkasida elektrlashtirish ishlari yakunlandi.
2016-yil

“Qamchiq” temir yo‘l tunnelidan iborat yo‘nalish to‘liq elektrlashtirildi.
2017-yil
9-yanvar kuni umumiy uzunligi 325 kilometr bo‘lgan “Qarshi – Termiz” temir yo‘l liniyasi to‘liq elektrlashtirilib, yo‘nalishda elektrovozlar harakati yo‘lga qo‘yildi;
Oktyabr oyidan “Toshkent – Bekobod – Toshkent” yo‘nalishida zamonaviy elektrichkalar qatnovi boshlandi. Umumiy masofa 183 kilometr bo‘lib, harakat tarkibi bir vaqtda 350 nafarga yaqin yo‘lovchini tashish imkoniga ega;
1-dekabr kuni umumiy uzunligi 335 kilometr bo‘lgan “Buxoro – Miskin” yangi temir yo‘l liniyasi foydalanishga topshirildi;
20-dekabr kuni Oliy Majlis Senatining yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasi temir yo‘l transporti xodimlari kunini belgilash to‘g‘risida”gi qonun ma’qullandi.
2018-yil
“Buxoro – Miskin – Urganch – Xiva” yo‘nalishlarida yangi temir yo‘l izlari qurildi.
2019-yil

25-oktabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent yer usti metropolitenining Sergeli yo‘nalishi, Yunusobod yo‘nalishi va Yashnobod tumanidagi yer usti halqa metropoliteni qurilishi bilan tanishdi;
Davlat rahbari “Do‘stlik” bekatidan “Ohangaron” bekatigacha poyezdda borib, yer usti metropolitenining ilk yo‘lovchisi bo‘ldi.
2020-yil
Toshkent shahrida Ohangaron shossesi va Maxtumquli ko‘chasi kesishmasida temiryo‘lchilar tomonidan qurilgan yo‘l o‘tkazgich foydalanishga tayyorlandi. Shuningdek, Zangiota tumanida “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati tomonidan barpo etilayotgan ko‘p tarmoqli maxsus shifoxona qurilishi bilan tanishildi.
2021-yil
“O‘zbekiston mustaqilligining 30 yilligi” esdalik nishoni bilan taqdirlanganlar orasida “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati va korxonalarida faoliyat yuritayotgan 73 nafar temiryo‘lchi ham bor edi;
Denov shahrida yangi “Denov” temir yo‘l vokzali ochildi;
Shu yili Ispaniyaning Bilbao shahrida jo‘natilgan navbatdagi “Afrosiyob” elektropoyezdi O‘zbekistonga olib kelindi. U investitsiya loyihasi doirasida xarid qilingan oltinchi harakat tarkibi bo‘ldi;
23-dekabr kuni Afg‘onistonga insonparvarlik yordami 63 vagonda temir yo‘l orqali Mozori-Sharif shahriga yetkazib berildi.
2022-yil
Mart oyida Toshkent shahri olti davlat — O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Turkmaniston, Ozarbayjon, Gruziya va Turkiya temir yo‘l ma’muriyatlari rahbarlarining uchrashuviga mezbonlik qildi;
Unda Osiyo – Xitoy – Markaziy Osiyo – Kavkaz – Turkiya – Yevropa yo‘nalishidagi xalqaro multimodal yo‘lakni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi;
May oyida Termizdan Afg‘onistonga 58 vagondan iborat insonparvarlik yordami yuborildi. Unda ming tonna un, 2 ming tonna bug‘doy, guruch, oziq-ovqat mahsulotlari va dori-darmonlar jo‘natildi.
2023-yil
10-oktabrda temir yo‘l transporti sohasini tubdan isloh qilish, sog‘lom raqobat muhitini yaratish, xususiy sektorni keng jalb etish, biznes jarayonlarini raqamlashtirish va tranzit salohiyatidan samarali foydalanishga qaratilgan qaror qabul qilindi;
Islohotlar doirasida “Temiryo‘linfratuzilma”, “Temiryo‘lkargo”, “Temiryo‘lekspress”, “O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi” aksiyadorlik jamiyatlari va boshqa tashkilotlar tashkil etildi;
30-oktabr kuni “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatida yangi Axborot texnologiyalari markazi – IT markazi ochildi;
Shu yil “Chuqursoy” stansiyasi hududida “O‘zbekiston” lokomotiv deposining “Chuqursoy” filiali foydalanishga topshirildi;
“ARSENALE GROUP” sayyohlik poyezdini ishga tushirish to‘g‘risida memorandum imzolandi;
Sariosiyo tumanida “Sharg‘unko‘mir” aksiyadorlik jamiyatida modernizatsiya ishlari yakunlanib, yangi “Sariosiyo” temir yo‘l vokzali foydalanishga topshirildi.
2024-yil
Qoraqalpog‘iston Respublikasini Xorazm viloyati bilan bog‘lovchi 85 kilometrlik “Shovot – Qorao‘zak” yangi temir yo‘l liniyasi hamda Amudaryo ustidan o‘tuvchi 423 metrlik temir yo‘l va avtomobil yo‘li qo‘shma ko‘prigi foydalanishga topshirildi;
Pekin shahrida “Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston” temir yo‘li qurilishi bo‘yicha strategik loyihani amalga oshirish to‘g‘risida bitim imzolandi;
Loyihani amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” va ishchi guruhni tuzish haqida memorandum ham imzolandi;
Koreyaning “Hyundai Rotem” kompaniyasi bilan 6 ta zamonaviy yuqori tezlikda harakatlanuvchi elektropoyezd xarid qilish bo‘yicha kelishuvga erishildi;
“Temir yo‘l transporti to‘g‘risida”gi yangi tahrirdagi qonun imzolandi;
Qozog‘iston – O‘zbekiston chegarasidagi “Oq-ko‘prik” temir yo‘l o‘tkazish punktida qo‘shimcha 2 ta yo‘l qurilib, poyezdlarni qabul qilish quvvati 28 juftdan 40 juftga yetkazildi;
“Buxoro – Urganch – Xiva” temir yo‘l liniyasini elektrlashtirish loyihasi qiymati 389,9 million dollar bo‘lib, uzunligi 465 kilometrni tashkil etdi;
Paqamlashtirish natijasida yuklarni yetkazish vaqti 20 foizga qisqartirildi, asosiy temir yo‘l uchastkalarining o‘tkazuvchanlik qobiliyati 25 foizga oshirildi, yo‘lovchi oqimi 15 foizga ko‘paydi. Tashish hujjatlarini rasmiylashtirish vaqti 3 baravarga qisqardi, operatsion xarajatlar 7 foizga kamaydi;
“O‘zbekiston temir yo‘llari” va “CRRC Zhuzhou Locomotive” kompaniyasi o‘rtasida 38 ta yangi lokomotiv xarid qilish va 12 tasini modernizatsiya qilish bo‘yicha 181 million dollarlik shartnoma imzolandi;
“NORINCO International Cooperation Ltd.” bilan 129 760 tonna “R-65” turidagi temir yo‘l relslarini yetkazib berish bo‘yicha 164 million dollarlik shartnoma tuzildi.
2025-yil
“Toshkent yo‘lovchi vagonlarini qurish va ta’mirlash zavodi” aksiyadorlik jamiyatida “Yangi O‘zbekiston” nomli vagonlar ishlab chiqarildi;
Prezident Shavkat Mirziyoyev “O‘zbekiston temir yo‘llari” tizimida yuk vagonlarini qurish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi;
“Samarqand – Urgut” yangi temir yo‘l liniyasida qurilish ishlari ko‘zdan kechirildi;
55,4 kilometrlik “Samarqand – Urgut” hamda 24 kilometrlik “Baytqo‘rg‘on – Parkent” yangi temir yo‘llari qurib bitkazildi;
26-dekabr kuni Prezident Murojaatnomasida temir yo‘l sohasini istiqbolli rivojlantirish bo‘yicha muhim vazifalar belgilab berildi;
27-dekabr kuni “2030-yilga qadar temir yo‘l transportida mahalliy yo‘nalishlarda yo‘lovchi tashish ko‘rsatkichlarini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaror qabul qilindi.
2026-yil

18-mart kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev yangi “Jaloliddin Manguberdi” yuqori tezlikda harakatlanuvchi elektropoyezdida Samarqand shahriga tashrif buyurib, poyezddagi qulayliklar bilan tanishdi;

27-aprel kuni Farg‘ona vodiysida yangi elektropoyezdda “Qo‘qon – Marg‘ilon” yo‘nalishi bilan tanishildi;
1-iyul kuni transport-logistika tizimini rivojlantirish, tranzit salohiyatidan samarali foydalanish va O‘zbekistonning mintaqaviy transport markazi sifatidagi o‘rnini mustahkamlash bo‘yicha vazifalar belgilandi;
13-iyul kuni “Toshkent – Bekobod” yo‘nalishida soatiga 120 kilometrgacha tezlikda harakatlanadigan yangi elektropoyezd qatnovi yo‘lga qo‘yildi;
“Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston” temir yo‘li qurilishi amaliy bosqichga o‘tib, Qirg‘iziston hududida 46 kilometrlik temir yo‘l qurilishi boshlandi;
“Navoiy – Buxoro” ikkinchi yuqori tezlikdagi elektrlashtirilgan temir yo‘l liniyasi qurilishi yakunlandi. Buxoro – Xiva hamda Buxoro – Navoiy uchastkalarida jami 166,4 kilometr temir yo‘l elektrlashtirildi;
“Urganch” vokzalidan “Urganch” aeroportigacha bo‘lgan 10 kilometrdan ortiq yangi elektrlashtirilgan temir yo‘l liniyasi barpo etildi;
2025–2026-yillarda “Chinorkent”, “Parkent”, “Jartepa”, “Urgut”, “Gurlan”, “Mang‘it” va “Qipchoq” vokzallari yangidan bunyod etildi. “Hazorasp” va “To‘rtko‘l” vokzallari qayta qurildi, “Ellikqal’a” va “Shovot” vokzallari to‘liq rekonstruksiya qilindi;
Yil boshida “Jaloliddin Manguberdi” elektropoyezdlariga texnik xizmat ko‘rsatish markazi ishga tushirildi;
Poyezdlar harakati xavfsizligini ta’minlash maqsadida muddati o‘tgan 36 ta nuqsonli quvur va ko‘prik kapital ta’mirlandi. 30 ta yer osti yo‘lagi va 2 ta yer osti avtomobil tonneli qurilib, foydalanishga topshirildi;
“Nurafshon – Pskent – Bo‘ka – Bekobod – Boyovut – Yangiyer” hamda “Xovos – Dashtobod” yo‘nalishlarida yangi temir yo‘l loyihalarining qurilishi boshlandi;
“Do‘stlik – Aydar Arnasoy ko‘li” va Bekobod maxsus iqtisodiy zonasiga olib boruvchi temir yo‘l qurilishi ham davom etmoqda.
Sanoat va mahalliylashtirish
Temir yo‘l tarmog‘i zavodlari tomonidan jami 2,8 trillion so‘mlik sanoat mahsulotlari ishlab chiqarildi va texnik xizmatlar ko‘rsatildi. Shu davrda 644 ta zamonaviy sisterna, 350 ta yopiq vagon va 70 ta yangi avlod yo‘lovchi vagoni ishlab chiqarildi. Mahalliylashtirish dasturi doirasida 60 turdan ortiq sanoat mahsuloti o‘zlashtirildi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan o‘rtacha 15 foiz yuqori o‘sishni tashkil etdi.
“Quyuv-mexanika zavodi” hamda “Andijon yuk vagonlarini qurish va ta’mirlash zavodi” aksiyadorlik jamiyatlarida 18 turdan ortiq yangi yuk vagonlarini ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi.
Ijtimoiy sohada
Temir yo‘l sohasi xodimlarining sog‘lig‘ini muhofaza qilish, tibbiy ko‘riklar va kasb kasalliklarini erta aniqlash tizimi takomillashtirildi. Tibbiyot muassasalari zamonaviy apparatlar bilan jihozlandi. Markaziy klinik shifoxonaga yuqori texnologiyali MRT, mammografiya va fizioterapiya uskunalari o‘rnatildi.
Yo‘l bolalar kasxonasida LOR, stomatologiya, laboratoriya, fizioterapiya, oftalmologiya va funksional diagnostika xizmatlari zamonaviy uskunalar bilan ta’minlandi. Bolalarni sog‘lomlashtirish oromgohlarining moddiy-texnik bazasi ham yangilandi.
Kelgusi istiqbollar
Ayni paytda 196 kilometrlik “Miskin – Nukus” temir yo‘l liniyalarini elektrlashtirish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. Bo‘stonliq tumani tog‘li hududlariga sayyohlar va aholining qulay yetib borishini ta’minlash maqsadida 68,6 kilometrlik “Toshkent – Chirchiq – Hojikent” yo‘nalishida tezyurar elektropoyezdlar harakatini tashkil etish loyihasi amalga oshirilmoqda.
“Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston” temir yo‘li esa mintaqamizning iqtisodiy va transport aloqalarini mustahkamlashga qaratilgan eng muhim loyihalardan biri sifatida amaliy bosqichga o‘tmoqda. Mazkur temir yo‘l Xitoyni O‘zbekiston bilan bog‘lovchi eng qisqa quruqlik yo‘liga aylanishi ko‘zda tutilgan.
O‘ttiz ikki yillik taraqqiyot jarayoni shuni ko‘rsatadiki, O‘zbekiston temir yo‘llari milliy transport tizimining muhim tarkibiy qismi sifatida yangi bosqichga ko‘tarilmoqda. Yangi liniyalar, elektrlashtirilgan uchastkalar, zamonaviy vokzallar, yuqori tezlikda harakatlanuvchi elektropoyezdlar va xalqaro transport koridorlari mamlakatimizning ichki va tashqi transport imkoniyatlarini yanada kengaytirmoqda.
P/s: Maqola O‘zbekiston Transport vazirligi bilan hamkorlikda tayyorlandi.
Dilshod HAKIMOV,
O‘zA