Yoshlar va xotin-qizlarni giyohvandlikdan himoya qilishga qaratilgan ishlar kuchaytirildi
Senatning Yoshlar, xotin-qizlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi tomonidan yoshlar va xotin-qizlar o‘rtasida giyohvandlik vositalari, psixotrop hamda boshqa kuchli ta’sir qiluvchi moddalar iste’molining oldini olishga oid ishlar samaradorligini baholash maqsadida o‘rganishlar olib borilmoqda.
Mazkur yo‘nalishda qo‘mita huzurida ishchi guruh faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Hududlarda amalga oshirilayotgan profilaktik tadbirlar, mavjud muammolar va ularni bartaraf etishga qaratilgan chora-tadbirlar kompleks tahlil qilinmoqda.
Giyohvandlikka moyil shaxslarni erta aniqlash, ular bilan mahalla va ta’lim muassasalari kesimida individual profilaktik ishlarni tashkil etish, ota-onalar bilan hamkorlikni kuchaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Ta’lim muassasalarida o‘quvchi va talabalar o‘rtasida aniqlangan holatlar, xavf guruhiga kiruvchi yoshlar bilan individual ishlash amaliyoti tahlil qilib borilmoqda.

Narkologiya muassasalarida davolangan yoshlar va xotin-qizlarni keyinchalik ishga joylashtirish, kasb-hunarga o‘qitish, ijtimoiy va psixologik qo‘llab-quvvatlash hamda jamiyatga qayta moslashtirish masalalariga ham urg‘u berilmoqda.
O‘rganishlar jarayonida Internet va ijtimoiy tarmoqlardan narkotik moddalarni tarqatish vositasi sifatida foydalanishning oldini olish choralari ko‘rilmoqda.

O‘rganishlar natijalari asosida mavjud muammolarni bartaraf etish, profilaktika ishlarining ta’sirchanligini oshirish, yoshlar va xotin-qizlarni giyohvandlik balosidan himoya qilishga qaratilgan taklif va tavsiyalar ishlab chiqiladi.
N.Abduraimova,
O‘zA