O‘zbekiston mahsulotlari xalqaro biznes-forumda namoyish etildi
Erbil shahrida qurilish, energetika va HVAC-R (isitish, ventilyatsiya va konditsionerlash) sohalariga bag‘ishlangan "CONSTRUCT IRAQ 2026" 8-xalqaro ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tmoqda. Ko‘rgazma doirasida O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi, Savdoni rivojlantirish kompaniyasi tashabbusi bilan o‘zbekistonlik tadbirkorlar uchun xalqaro biznes-forum tashkil etildi.
O‘zbekiston mahsulotlarini Iroq va mintaqa bozorlariga kengroq olib chiqish, yangi hamkorlarni jalb etish va eksport geografiyasini yanada kengaytirish maqsadida tashkil etilgan biznes-forumda 50 dan ziyod mahalliy ishlab chiqaruvchi va eksportchi ishtirok etdi. Forumda Iroq va mintaqa bozorining ehtiyojlari, eksport yo‘nalishlari, logistika imkoniyatlari hamda yangi hamkorlik mexanizmlari muhokama qilindi.
Ta’kidlash lozimki, bugun O‘zbekiston va Iroq o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalar yangi bosqichga ko‘tarilmoqda. So‘nggi yillarda ikki mamlakat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 43 foizga oshgan. Ilgari O‘zbekistondan Iroqqa amalga oshirilgan sof eksport hajmi yiliga 34-50 million dollar atrofida bo‘lgan bo‘lsa, bugun ushbu ko‘rsatkichni bir necha barobar oshirish uchun yangi imkoniyatlar paydo bo‘lmoqda.

Iroq har yili xorijdan qariyb 93 milliard dollarlik mahsulot import qiladi. Tahlillarga ko‘ra, O‘zbekiston qulay logistika va raqobatbardosh narxlardan foydalangan holda ushbu bozorga 1 milliard dollargacha mahsulot yetkazib berish salohiyatiga ega.
Erbil shahrida amal qilayotgan bojsiz savdo rejimi mintaqada mahsulotlarni taqsimlash uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratmoqda. Toshkentdan Erbil yoki Bag‘dodga avtomobil orqali yuk yetkazib berish o‘rtacha 10 ish kunini tashkil etadi. Bu omillar O‘zbekiston mahsulotlarining mintaqa bozorida raqobatbardoshligini oshirishga xizmat qiladi.

Forum davomida tadbirkorlarimiz o‘z mahsulotlarini taqdim etib, iroqlik hamkorlar bilan yangi shartnoma va qo‘shma loyihalar bo‘yicha muzokaralar olib bordi.
M.Komilova,
O‘zA