Jahon banki tadqiqoti natijalari Xorazmda muhokama qilindi
Xiva shahrida Jahon bankining “O‘zbekistonda kambag‘allik va tenglikni baholash: Farovonlikka erishish va barcha uchun imkoniyatlarni kengaytirish sari” nomli tadqiqot natijalariga bag‘ishlangan xalqaro tadbir bo‘lib o‘tdi.
Unda “Ijtimoiy reyestr” tahlili va oilalarni barqaror daromadga olib chiqish bo‘yicha manzilli choralar, hududiy tajriba, mahalla darajasidagi natijalar va kambag‘allikni qisqartirishning navbatdagi bosqichiga oid vazifalar muhokama qilindi.
Tadbirda kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirining birinchi o‘rinbosari Marat Jo‘rayev, Xorazm viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari Anvar Davlatov hamda Jahon banki amaliyot boshqaruvchisi Ambar Narayan so‘zga chiqdi.
– Toshkent shahrida boshlangan tadbirning Xorazmda davom ettirilishida alohida ramziy ma’no bor, – dedi kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirining birinchi o‘rinbosari Marat Jo‘rayev. – Prezidentimizning Xorazm viloyatiga tashrifi chog‘ida kambag‘allikni qisqartirish, aholi farovonligini oshirish va hududlarda yangi imkoniyatlar yaratish masalalariga alohida e’tibor qaratilgan edi. Shu ma’noda, Jahon banki tadqiqoti natijalarining bu yerda muhokama qilinishi hududlarda amalga oshirilayotgan ishlar, mavjud imkoniyatlar va kelgusidagi vazifalarni xalqaro tajriba bilan uyg‘unlashtirish nuqtai nazaridan muhim ahamiyat kasb etadi.
Tadbir davomida Xorazm viloyatida mintaqaviy rivojlanish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar, “Kambag‘allikdan farovonlikka” dasturini amalga oshirish va mahallalarda bandlik imkoniyatlarini kengaytirish masalalari hamda jahon bankining katta iqtisodchilari hisobotlarining asosiy xulosalari taqdim etildi.
– So‘nggi besh yillik natijalarga qaralsa, viloyatdagi 509 ta mahallada 2 996 nafar “mahalla yettiligi” a’zosi bilan hamkorlikda bandlik, tadbirkorlik, infratuzilma va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash yo‘nalishlarida tizimli ishlar amalga oshirildi, – deydi Xorazm viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari Anvar Davletov. – Mahallalarni rivojlantirishga 12 trillion so‘m yo‘naltirilib, hududlar infratuzilmasi yaxshilandi. Aholining uy-joy sharoitlarini yaxshilash uchun 6 ming nafar fuqaroga 387 milliard so‘m subsidiya, 164 ming nafar jismoniy va yuridik shaxsga esa 5 trillion so‘m kredit ajratildi. Natijada 33 mingta yangi tadbirkorlik sub’ekti tashkil etildi. Yoshlar va ehtiyojmand oilalarga 16 ming gektar yer maydoni berildi. Yangi ijtimoiy xizmat va ijtimoiy markazlar orqali 229 ming nafar aholi qamrab olindi. Bandlik va daromadlarni oshirish yo‘nalishida 20 mingta mikroloyiha amalga oshirilib, 11 mingta xonadonga “loyiha paketlari” taqdim etildi. So‘nggi besh yilda 150 ming nafar fuqaro doimiy ishga joylashtirildi hamda 400 ming nafar aholining daromadi oshirildi. Yuz ming nafardan ortiq fuqaroning mehnat faoliyati legallashtirildi. Yetmish sakkiz mingdan ortiq fuqaro kasb-hunarga o‘qitilgan bo‘lsa, 42 ming nafari tartibli mehnat migratsiyasiga yo‘naltirildi.
Tadbir davomida asosiy e’tibor har bir oilaning holatini individual baholash, kambag‘allik sababini aniq aniqlash va doimiy ish, kasb-hunar, tadbirkorlik, o‘zini o‘zi band qilish yoki tartibli migratsiya orqali unga mos barqaror daromad manbaini yaratishga qaratildi.
[gallery-31604]
Tadbirda tadqiqotning asosiy xulosalari, hududiy tajriba hamda kelgusidagi vazifalar yuzasidan fikr almashildi.
Ahmadjon Shokirov,
Behzod Saidov(surat),
O‘zA muxbirlari