O‘zbekiston - Koreya hamkorligi yangi bozorlarga birga chiqishga asoslangan strategik sheriklikka aylanmoqda
O‘zbekiston va Koreya Respublikasi o‘rtasidagi munosabatlar strategik sheriklikning yangi, amaliy bosqichiga ko‘tarilmoqda.
Senatning Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar xorijiy investitsiyalar, turizm masalalari qo‘mitasi a’zosi Jamila Bobanazarova shu haqda munosabat bildirdi:
– Prezident Shavkat Mirziyoyevning Koreyaga tashrifi doirasida o‘tkazilgan uchrashuvlar va biznes muloqotlari ikki mamlakat o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlik mazmun va sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilganini ko‘rsatdi.
Eng muhimi, Koreya bilan hamkorlik endi faqat investitsiya jalb qilish yoki alohida loyihalarni amalga oshirish bilan cheklanmaydi. O‘zbekiston texnologiya, moliya, ilm-fan, inson kapitali va ishlab chiqarishni yagona iqtisodiy zanjirga birlashtirishga qaratilgan tizimli sheriklik modelini shakllantirmoqda.
Xususan, sanoat kooperatsiyasi va to‘liq ishlab chiqarish zanjirlarini yaratish, misni chuqur qayta ishlash, elektrotexnika, avtomobilsozlik va elektromobil sanoati uchun butlovchi qismlarni mahalliylashtirish, robototexnika, biotexnologiya va farmatsevtika kabi yuqori qo‘shilgan qiymat yaratadigan sohalarga e’tibor qaratilayotgani muhim. Bunda resurslarni eksport qilishdan ko‘ra, ularni mamlakat ichida qayta ishlash va texnologiya hamda bilimga tayangan yuqori qo‘shilgan qiymat zanjirlarini yaratish O‘zbekistonning uzoq muddatli raqobatbardoshligini belgilaydi.
Shu nuqtai nazardan, O‘zbekiston - Koreya sanoat-texnologik alyansini tashkil etish tashabbusi alohida ahamiyatga ega. Bu investitsiyalarni texnologik transformatsiya, mahalliylashtirish, eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarish va yangi ish o‘rinlari yaratish bilan bog‘lash imkonini beradi.
Infratuzilma sohasidagi hamkorlik ham strategik ahamiyat kasb etadi. Urganch xalqaro aeroportini modernizatsiya qilish va Toshkentning yangi xalqaro aeroportini barpo etish loyihalari O‘zbekistonning mintaqaviy transport-logistika tizimidagi o‘rnini kuchaytirish, investitsiyaviy jozibadorligini oshirish va yangi iqtisodiy hududlarni shakllantirishga xizmat qiladi.
Aeroport, logistika xablari va turar joy infratuzilmasini yagona tizimga birlashtirish bo‘yicha master-reja ishlab chiqish g‘oyasi ham e’tiborga loyiq. Bu alohida ob’ektlar emas, balki o‘zaro bog‘langan yaxlit iqtisodiy ekotizimni shakllantirishga qaratilgan yondashuvdir.
Ilm-fan, sanoat va texnologiyalarni birlashtiruvchi ilmiy-sanoat bioklasteri ham ana shu yondashuvning mantiqiy davomi hisoblanadi. Bugungi global iqtisodiyotda investitsiyaning qiymati nafaqat uning hajmi, balki mamlakatga qanday bilim, texnologiya va kompetensiyalarni olib kirishi bilan ham belgilanadi.
Davlatimiz rahbarining “Shinhan Financial Group” rahbarlari bilan muzokaralarida kredit liniyalari, “yashil” moliyalashtirish, raqamli banking va kichik hamda o‘rta biznes uchun moliyaviy yechimlarni rivojlantirishga urg‘u berilgani shu jihatdan muhim. Chunki real iqtisodiyotni rivojlantirish uchun investitsiyaning o‘zi yetarli emas – zamonaviy va uzoq muddatli moliyalashtirish instrumentlari ham zarur. “Shinhan Bank”ning O‘zbekistonda shu’ba bankini tashkil etish masalasi esa moliya bozorida raqobatni kuchaytirish va ilg‘or bank texnologiyalarini jalb qilish imkonini kengaytiradi.
Investitsiya kelishuvlarining amaliy natijasi yangi ish o‘rinlari, mahalliy korxonalarning kooperatsiyaga kirishi, texnologiyalar transferi, eksport hajmining oshishi va hududlarning rivojlanishida namoyon bo‘lishi kerak. Shu ma’noda, O‘zbekiston - Koreya hamkorligining bugungi modeli “investitsiya kirituvchi va investitsiya qabul qiluvchi” munosabatlardan kengroq bo‘lib, texnologiya yaratish, ishlab chiqarish zanjirlarini shakllantirish, inson kapitalini rivojlantirish va yangi bozorlarga birgalikda chiqishga asoslangan strategik sheriklikka aylanmoqda.
Koreyaning texnologik tajribasi va O‘zbekistonning inson kapitali, resurs hamda bozor imkoniyatlari uyg‘unligi ana shu jarayon uchun mustahkam asos yaratadi. Bugungi kelishuv va tashabbuslar O‘zbekiston tashqi iqtisodiy siyosatining investitsiya jalb qilishdan texnologik va innovatsion taraqqiyotni rag‘batlantirishga tobora ko‘proq yo‘naltirilayotganini ko‘rsatmoqda.
Mamlakatimizning tashqi dunyoga ochilishi, bozor tamoyillarining qaror topishi va investitsiyaviy muhitning takomillashib borishi O‘zbekiston iqtisodiyotining xalqaro kapital uchun jozibadorligi ortib borayotganidan dalolat beradi.
Agar ilgarigi davrlarda yiliga o‘rtacha 2-3 milliard AQSH dollari miqdorida xorijiy investitsiyalar jalb etilgan bo‘lsa, bugungi kunda ushbu ko‘rsatkichning 40 - 50 milliard dollar darajasiga yetishi iqtisodiy islohotlar ko‘lami va investorlar ishonchining ortib borayotganini ko‘rsatadi.
Ayni jarayonda Koreya Respublikasining O‘zbekistonga nisbatan strategik va investitsiyaviy qiziqishining ortishi ikki mamlakat iqtisodiyotlarining o‘zaro to‘ldiruvchanligi, texnologik hamkorlik salohiyati, sanoat kooperatsiyasi, raqamlashtirish, innovatsiyalar, ta’lim va inson kapitali sohalaridagi umumiy manfaatlar kengayib borayotgani bilan izohlanadi.
Shu bois, mazkur hamkorlikni faqat xorijiy investitsiyalar hajmi bilan emas, balki texnologiyalar transferi, mahalliylashtirish, eksport salohiyatini oshirish, yuqori malakali ish o‘rinlari yaratish va O‘zbekiston iqtisodiyotining global qiymat zanjirlariga integratsiyalashuvi kabi uzoq muddatli natijalar bilan baholash muhim.
Koreya Respublikasining O‘zbekistonga ortib borayotgan qiziqishi esa mamlakatimizda shakllanayotgan yangi iqtisodiy model xalqaro hamjamiyat e’tiborini tobora ko‘proq jalb etayotganining muhim ko‘rsatkichlaridan biri bo‘lib xizmat qiladi.
N.Abduraimova, O‘zA