Kelasi yili Berdaq tavalludining 200 yilligi keng nishonlanadi
Nukus shahrida Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Qoraqalpog‘istonni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Kelasi yili qoraqalpoq xalqining buyuk farzandi, shoir va mutafakkir Berdaq Qarg‘abay o‘g‘li tavalludiga 200 yil to‘ladi.
Prezidentimiz shoirning «Hamisha sen xizmat etgil xalq uchun, o‘zim dema g‘amxo‘rlik qil xalq uchun» degan hikmatli so‘zlari bugun ham o‘z ahamiyatini yo‘qotmaganini ta’kidladi.
Ulug‘ ziyolilarning ilmiy-ijodiy merosini o‘rganish, raqamlashtirish, asrab-avaylash va xalqimizga, ayniqsa, yoshlarga yetkazish muhimligi qayd etildi.
Kelgusi yili Berdaq Qarg‘abay o‘g‘li tavalludining 200 yilligini mamlakatimizda munosib nishonlash taklifi bildirildi.
Mutasaddilarga bir oyda keng qamrovli dastur ishlab chiqib, uni amalga oshirishni boshlash topshirildi.
Yig‘ilish yakunida hudud va tarmoqlar rahbarlarining axborotlari tinglandi, Qoraqalpog‘iston faollari bilan muloqot qilindi.
O‘zA