O‘zbekiston inklyuziv ta’limda Germaniya tajribasini o‘zlashtirmoqda
Alohida ehtiyojli bolalar uchun O‘zbekistonda yangicha ta’lim yo‘li ochilmoqda. Bunda Germaniya tajribasi qanday noyob imkoniyatlarni taqdim etmoqda?
Mamlakatimizda “Inson qadri” tamoyili asosida yuritilayotgan siyosat natijasida alohida ta’limga ehtiyojmand bolalar uchun ham yangi imkoniyatlar eshigi ochildi. Ularning salomatligiga bo‘lgan e’tibor ham muhim bosqichga chiqdi.
Ana shunday islohotlar samarasi o‘laroq, "Mehrli maktab" loyihasi doirasida O‘zbekiston gospital maktablari va Nizomiy nomidagi milliy pedagogika universiteti o‘qituvchilari uchun Myunxen Lyudvig-Maksimilian universiteti (LMU), alohida ehtiyojli bolalar uchun ixtisoslashtirilgan ta’lim markazlari va "Schwabing" klinikasi qoshidagi gospital maktabi mutaxassislari ishtirokida o‘quv-seminarlari o‘tkazildi.
Unda o‘zbekistonlik mutaxassislar ham uzoq muddat davolanayotgan bolalarni o‘qitishni tashkil etish, alohida ta’lim ehtiyojiga ega o‘quvchilar, shu jumladan autizm spektrining buzilishi va xulq-atvor xususiyatlari bo‘lgan bolalar uchun inklyuziv muhitni yaratish bo‘yicha Germaniya tajribasini o‘rgandi. O‘quv jarayonini individuallashtirishga, shuningdek, o‘quvchilarni umumta’lim maktablariga reintegratsiya qilishga alohida e’tibor qaratildi.
Mazkur tashrif orqali mutaxassislar gospital pedagogikasining milliy modelini taqdim etish va Germaniyaning zamonaviy ta’lim amaliyotlarini o‘rganish, ilmiy-tadqiqot faoliyati sohasida xalqaro hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.
Qayd etish kerakki, bunday xalqaro tajribalar sohaning kelgusi salohiyati yanada oshishiga sabab bo‘ladi. Shuningdek, yurtimizda malakali mutaxassislar ko‘payishiga ham zamin yaratadi.
Sherbek Islomov,
O‘zA