O‘zbekiston harbiy dzyudochilari jahon chempionatida g‘olib bo‘ldi
Polsha poytaxti Varshava shahrida harbiy xizmatchilar o‘rtasida dzyudo bo‘yicha jahon chempionati yakunlandi.
Quvonarlisi, O‘zbekiston terma jamoasi musobaqada ham yakkalik, ham aralash jamoaviy bahslarda birinchi o‘rinni egallab, umumiy hisobda eng yaxshi natijani qayd etdi.

Hamyurtlarimiz yakkalik bahslarida 14 ta medalni qo‘lga kiritdi. Ulardan 7 tasi oltin, 5 tasi kumush va 2 tasi bronza medalidir. Terma jamoamiz Fransiya, Polsha, Litva va Latviya kabi kuchli jamoalarni ortda qoldirdi.
Musobaqaning aralash jamoaviy dasturida ham o‘zbekistonlik dzyudochilar tengsiz ekanini namoyon etdi. Finalda mezbon Polsha terma jamoasi mag‘lub etildi va O‘zbekiston jamoasi chempionlik shohsupasiga ko‘tarildi. Fransiya va Litva terma jamoalari bronza medallari bilan taqdirlandi.
Oltin medal sohiblari:
-60 kg. — Kamoliddin Baxtiyorov
-73 kg. — Inoyat Telmanov
-78 kg. — Barchinoy Qodirova
+78 kg. — Irisxon Qurbonboyeva
-81 kg. — Zulfiddin Usmonov
-90 kg. — Azizbek Avazmurodov
+100 kg. — Islombek Ravshanqulov.
Kumush medal sohiblari:
-48 kg. — Halimajon Qurbonova
-52 kg. — So‘g‘diyona Rafqatova
-70 kg. — Shirinjon Yo‘ldosheva
-73 kg. — Shavkat Saitqulov
-100 kg. — Muhammadali Tangriyev.
Bronza medal sohiblari:
-57 kg. — Mohinur Allamberganova
-63 kg. — Farangiz Rejepova.
Shu tariqa, O‘zbekiston harbiy dzyudo terma jamoasi jahon chempionatini 14 ta medal va aralash jamoalar o‘rtasidagi oltin medal bilan yakunlab, musobaqaning eng muvaffaqiyatli jamoasi sifatida e’tirof etildi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA