O‘zbekiston farmatsevtika bozori tahlil qilindi
Tibbiyot va farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori Abdulla Azizov IQVIA kompaniyasi vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuv davomida kompaniya vakillari IQVIAning global faoliyati, farmatsevtika va sog‘liqni saqlash sohalarida qo‘llanilayotgan zamonaviy data-analitika yechimlari hamda bozorni kompleks tahlil qilish imkoniyatlari yuzasidan taqdimot o‘tkazdi.
Shuningdek, O‘zbekiston farmatsevtika bozori bo‘yicha tayyorlangan tahliliy ma’lumotlar taqdim etilib, mahalliy farmatsevtika korxonalarining bozor ko‘rsatkichlari, asosiy tendensiyalar, terapevtik yo‘nalishlar kesimidagi o‘sish dinamikasi hamda sohaning rivojlanish istiqbollari atroflicha ko‘rib chiqildi.
Muloqot davomida xalqaro analitik ma’lumotlardan samarali foydalanish, farmatsevtika bozorining shaffofligi va raqobatbardoshligini oshirish, investitsiyaviy jozibadorlikni kuchaytirish hamda sohadagi istiqbolli hamkorlik yo‘nalishlari muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunida tomonlar zamonaviy data-analitika va bozor tahlili vositalarini farmatsevtika sanoatini strategik rivojlantirish, samarali boshqaruv qarorlarini qabul qilish hamda xalqaro hamkorlikni yanada kengaytirishda qo‘llash yuzasidan o‘zaro hamkorlikni davom ettirishga kelishib oldi.

Shuningdek, Abdulla Azizov Hindistonning yetakchi xususiy tibbiyot tarmoqlaridan biri – Apollo Hospitals Enterprise Limited (AHEL) vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Muzokaralar davomida mamlakatimiz sog‘liqni saqlash tizimini modernizatsiya qilish, tibbiyot muassasalarini boshqarishni xalqaro standartlar asosida takomillashtirish hamda mazkur yo‘nalishda ilg‘or xalqaro tajribani joriy etish masalalari muhokama qilindi.
Xususan, Health Invest xolding kompaniyasi tizimidagi tibbiyot muassasalari faoliyatini samarali tashkil etish, operatsion boshqaruvni takomillashtirish, tibbiy xizmatlar sifati va samaradorligini oshirish, shuningdek, rahbar va mutaxassislarning boshqaruv salohiyatini rivojlantirish yuzasidan fikr almashildi.
Ma’lumot uchun: Apollo Hospitals Enterprise Limited (AHEL) Hindistondagi eng yirik xususiy tibbiyot tarmoqlaridan biri bo‘lib, 73 ta shifoxona, 10 mingdan ortiq o‘rin fondiga ega. Kompaniya 25 mamlakatda tibbiyot muassasalarini boshqarish va konsalting xizmatlarini amalga oshirish bo‘yicha katta xalqaro tajribaga ega.
Mohigul Qosimova, O‘zA