Sudyalik lavozimiga bilimli, halol va yuqori salohiyatli kadrlar tayyorlanmoqda
Odil sudlov akademiyasida joriy yil birinchi yarmida amalga oshirilgan ishlar sarhisobiga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi.
Tadbirda davlatimiz rahbarining 2025-yil 21-avgustdagi “Odil sudlov sohasida yuqori malakali kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni ijrosi qanday ta’minlanayotganiga alohida e’tibor qaratildi.
Akademiyaning 2026/2027 o‘quv yili uchun kasbiy qayta tayyorlash kurslariga qabul jarayonlari talab darajasida tashkil etildi. Talabgorlardan 849 ariza kelib tushdi. Shundan 452 tasi jinoyat, 203 tasi fuqarolik, 103 tasi iqtisodiy va 91 tasi ma’muriy sud ixtisosligiga to‘g‘ri keldi.
Umumiy qabul kvotasi 85 ta bo‘lib, xotin-qizlar uchun har bir yo‘nalish bo‘yicha 3 tadan, jami 12 ta qo‘shimcha kvota ajratilgan.
Kirish sinovlari psixologik test, chet tili va sud ixtisosligi bo‘yicha test, huquqiy mavzuda insho hamda yakka tartibdagi suhbatdan iborat to‘rt bosqichda o‘tkaziladi.
Kirish sinovlari natijalari jami 100 ballik mezon asosida baholanadi. Bunda ixtisoslik fani bo‘yicha test uchun 39 ball, xorijiy til bo‘yicha test uchun 12 ball, huquqiy mavzudagi insho uchun 30 ball va yakka tartibdagi suhbat uchun 19 ball ajratilgan.
[gallery-30644]
Qabul jarayonlari ochiqlik, shaffoflik va teng imkoniyat tamoyillari asosida tashkil etilib, sudyalik lavozimiga munosib, bilimli, halol va yuqori salohiyatli kadrlarni tayyorlashga qaratilgan.
Matbuot anjumanida Akademiyaning «Sud faoliyati» mutaxassisligi bo‘yicha magistraturasiga 2026/2027 o‘quv yili uchun qabul jarayonlari haqida ham batafsil axborot berildi.
Mazkur magistratura dasturi sud tizimi uchun chuqur nazariy bilim, zamonaviy kasbiy kompetensiyalar va amaliy ko‘nikmalarga ega yuqori malakali huquqshunos kadrlarni tayyorlashga qaratilgan.
Magistraturada ta’lim kunduzgi va kechki shakllarda, bir yil muddatda tashkil etiladi. O‘qishni muvaffaqiyatli tamomlagan bitiruvchilarga davlat namunasidagi magistr diplomi beriladi.
2026/2027 o‘quv yili uchun magistraturaga jami 45 ta qabul kvotasi ajratilgan bo‘lib, shundan 15 tasi kunduzgi va 30 tasi kechki ta’lim shakliga to‘g‘ri keladi.
2025/2026 o‘quv yilida Akademiyaning kasbiy qayta tayyorlash kurslarini 159 nafar tinglovchi muvaffaqiyatli tamomladi. Ularning nazariy bilimlari va amaliy ko‘nikmalarini mustahkamlash maqsadida murakkab mavzular bo‘yicha 30 dan ortiq intensiv o‘quv mashg‘uloti, deputatlar, advokatlar va prokurorlar ishtirokida 24 mahorat darsi, shuningdek, sud amaliyoti, sud-huquq islohotlari hamda pedagogik mahoratga oid 200 dan ortiq amaliy va o‘quv tadbiri tashkil etildi.
Hisobot davrida 147 nafar sudya va sud apparati xodimi majburiy malaka oshirish kurslarida o‘qitildi. Dolzarb mavzularda 30 dan ortiq qisqa muddatli kurs tashkil etilib, ularda qariyb 60 ming nafar «mahalla yettiligi» a’zolari, sudyalar va sud apparati xodimlari ishtirok etdi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar va unga tenglashtirilgan sudlarning 29 nafar raisi uchun ikki kunlik malaka oshirish kursi o‘tkazildi. Sud organlari axborot xizmatlari xodimlari va sudyalardan iborat 40 nafar ishtirokchi uchun maxsus ikki kunlik o‘quv kursi tashkil etildi.
Akademiya tomonidan tinglovchilar, sudyalar va sud apparati xodimlari uchun o‘tkazilgan 10 dan ortiq seminar-treningda qariyb ming nafar ishtirokchi qatnashdi. «Sudda ishtirokchilarning verbal va noverbal xatti-harakatlarining ahamiyati» mavzusidagi psixologik treninglar doirasida 160 nafar tinglovchining psixologik portreti shakllantirildi.
O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti bilan hamkorlikda tashkil etilgan «Sud jurnalistikasi» maxsus o‘quv kursini 32 nafar talaba muvaffaqiyatli tamomladi. Mazkur kurs bo‘lajak jurnalistlarning sud-huquq sohasidagi bilimlarini mustahkamlash, sud jarayonlarini xolis va professional yoritish ko‘nikmalarini rivojlantirishga xizmat qildi.
Ilmiy-tadqiqot va innovatsion faoliyat doirasida sud amaliyotining dolzarb masalalari bo‘yicha ilmiy-amaliy 32 tadbir o‘tkazildi. Ta’lim jarayonini zamonaviy o‘quv va o‘quv-uslubiy manbalar bilan ta’minlash maqsadida 20 ta adabiyot tayyorlandi, Akademiya Axborot-resurs markazi fondi esa 300 ga yaqin yangi maxsus adabiyot bilan boyitildi.
Odil sudlov sohasidagi ilmiy ishlanmalarni xalqaro ilmiy hamjamiyatga taqdim etish va Akademiyaning ilmiy salohiyatini jahon miqyosida targ‘ib qilish maqsadida «International Journal of Justice» xalqaro ilmiy-amaliy elektron jurnali ta’sis etildi. Akademiya vakillari nufuzli xalqaro ilmiy-huquqiy tashkilotlardan biri – «International Association of Penal Law» a’zoligiga qabul qilindi.
Ta’lim va ilmiy tadqiqotlar sifatini yangi bosqichga olib chiqish, mazkur jarayonlarga xalqaro standartlar hamda innovatsion yondashuvlarni joriy etish maqsadida Akademik halollik va etik yuksalish kengashi faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Tadbir yakunida ommaviy axborot vositalari vakillarini qiziqtirgan savollarga Akademiya rahbariyati tomonidan batafsil javob berildi.
N.Abduraimova,
A.Alijonov (surat), O‘zA