“O‘zbekiston bojxonasi” strategiyasi: raqamli, tezkor va shaffoflik sari
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 27-avgustdagi farmoni bilan 2026–2030-yillarga mo‘ljallangan “O‘zbekiston bojxonasi” strategiyasi tasdiqlandi.
Mazkur hujjat bojxona organlarini sun’iy intellekt texnologiyalaridan samarali foydalanadigan, faoliyati raqamlashtirilgan va shaffof, tadbirkor hamda fuqarolar uchun qulay xizmat ko‘rsatadigan mintaqadagi yetakchi tuzilmaga aylantirishni nazarda tutadi.
Strategiyaga ko‘ra, 2030-yilga qadar inson omilisiz bojxona rasmiylashtiruvi ko‘lami 60 foizga yetkaziladi. Rasmiylashtiruvning o‘rtacha vaqti importda 2 soatga, eksportda 30 daqiqagacha qisqartiriladi. Bojxona tushumlarining yalpi ichki mahsulotdagi ulushini kamida 4,4 foiz darajasida ta’minlash belgilangan.
Islohotlarning amaliy natijalari
So‘nggi yillarda sohada yangi strategik bosqichga o‘tish uchun zarur texnologik va infratuzilmaviy asos yaratildi.
Yirik chegara bojxona postlariga yondosh hududlarda 4 ta bojxona terminali barpo etilishi natijasida yuk transport vositalari oqimi 2 baravar oshdi. Chegara postlarini zamonaviy nazorat texnikasi bilan jihozlash orqali rentgen uskunalaridan foydalanish samaradorligi 3 baravarga ko‘tarildi.
Tranzit, yuk operatsiyalari va eksport jarayonlarining soddalashtirilishi hisobiga bojxona deklaratsiyalari hajmi 2,5 baravar oshdi. Masofaviy rasmiylashtiruvga o‘tilishi esa tadbirkor bilan bojxona xodimi o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotni cheklab, rasmiylashtiruvning o‘rtacha vaqtini 3 baravar qisqartirdi.
Bugungi kunda deklaratsiyalarning 79 foizi soddalashtirilgan tartib (“sariq” va “yashil” yo‘lak), 10 foizi inson omilisiz avtomatik tarzda, qolgan 11 foizi xavf darajasidan kelib chiqib, to‘liq nazorat tartibida (“qizil” yo‘lak) rasmiylashtirilmoqda.
2025-yilda Davlat byudjetiga undirilgan bojxona to‘lovlari 76,2 trillion so‘mga yetdi. Bu 2024-yilga nisbatan 21 foiz ko‘pdir.
Shuningdek, 8 ta xorijiy davlatning bojxona xizmatlari bilan eksport tovarlari to‘g‘risida axborot almashinuvi yo‘lga qo‘yildi. 41 ta xalqaro va milliy aviakompaniyadan yo‘lovchilar hamda ularning bagajlari haqida dastlabki ma’lumotlarni olish xavflarni oldindan baholash imkoniyatini kengaytirdi.
Jahon bankining 2024-yilgi hisobotiga ko‘ra, Logistika samaradorligi xalqaro indeksining subindikatorida O‘zbekiston 140 o‘rindan 74 o‘ringa ko‘tarildi.
Birlashgan Millatlar Tashkilotining 2025-yilgi raqamli va barqaror savdoni yengillashtirish bo‘yicha global tadqiqotida O‘zbekistonning umumiy ko‘rsatkichi 92,4 foizni tashkil etdi. Jumladan, shaffoflik 100 foiz, rasmiyatchiliklarni soddalashtirish 95,8 foiz, qog‘ozsiz savdo 96,3 foiz, chegaralararo qog‘ozsiz savdo 88,8 foiz, institutsional hamkorlik esa 66,6 foizga baholandi.
Beshta ustuvor yo‘nalish
“O‘zbekiston bojxonasi” strategiyasi quyidagi beshta ustuvor yo‘nalishni qamrab oladi:
jismoniy va yuridik shaxslarga bojxona jarayonlaridan o‘tishda qulay shart-sharoitlar yaratish;
sun’iy intellektni keng joriy etish orqali sohani raqamlashtirish;
bojxona ma’muriyatchiligi va fiskal jarayonlarni takomillashtirish;
kadrlar salohiyati, kasbiy mahorat va komplayens tizimini rivojlantirish;
xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni kengaytirish.
Ushbu yo‘nalishlarning barchasi o‘zaro bog‘liq bo‘lib, tashqi savdoni yengillashtirish bilan bir vaqtda iqtisodiy xavfsizlik va fiskal barqarorlikni ta’minlashga qaratilgan.
Strategiyada bojxona qiymatini aniqlashda bitim qiymatiga asoslangan asosiy usulni qo‘llash ulushini 89 foizga yetkazish belgilangan. Bu tadbirkorga tashqi savdo xarajatlarini oldindan hisoblash va tovarlarni rasmiylashtirishda huquqiy aniqlikka ega bo‘lish imkonini beradi.
Bojxona hududida qayta ishlash operatsiyalari hajmini 3 milliard dollarga yetkazish ko‘zda tutilgan. Mazkur mexanizm xorijiy xomashyoni qayta ishlab, yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlarni eksport qilish salohiyatini oshirishga xizmat qiladi.
Vakolatli iqtisodiy operatorlar reyestriga kiritilgan tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari soni 500 taga yetkaziladi. Ishonchli tadbirkorlarga qo‘shimcha yengilliklar berish bojxona resurslarini xavfi yuqori operatsiyalarga yo‘naltirish imkonini kengaytiradi.
Tovarlar bojxona hududiga yetib kelgunga qadar dastlabki deklaratsiyani taqdim etishning soddalashtirilgan amaliyoti, elektron navbat hamda ortiqcha to‘langan yoki undirilgan bojxona to‘lovlarini qaytarish bo‘yicha interaktiv xizmatlar joriy etiladi.
Sun’iy intellektga asoslangan elektron xizmatlarni kengaytirish
Bojxona qo‘mitasi tarkibida raqamli texnologiyalar va sun’iy intellektni keng joriy etishga ixtisoslashgan “Raqamli texnologiyalar markazi” tashkil etiladi.
Sun’iy intellekt yordamida tovarlarning TIF TN kodini aniqlash, bojxona qiymatini nazorat qilish, xavfli operatsiyalarni avtomatik saralash, rentgen tasvirlarini tahlil qilish hamda transport vositalarining turi va gabaritlarini aniqlash rejalashtirilgan.
Bojxona deklaratsiyasiga ilova qilingan invoys va boshqa hujjatlarni “OCR” texnologiyasi orqali avtomatik o‘qish, ma’lumotlarni axborot tizimiga kiritish hamda dastlabki tahlildan o‘tkazish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.
“Customs fine” mobil ilovasi ishlab chiqilib, fuqarolarga ma’muriy jarimalar haqida ma’lumot olish va ularni elektron to‘lash imkoniyati yaratiladi.
Yuzni tanish, davlat raqam belgilarini avtomatik o‘qish, transport oqimini tahlil qilish va shubhali harakatlarni aniqlash imkoniga ega “Smart CCTV” tizimi ham bosqichma-bosqich joriy etiladi.
Shuningdek, transport vositalarini bojxona hamrohligida kuzatishda elektron plombalarni qo‘llash ulushi 30 foizgacha oshiriladi. Avtomobil o‘tkazish punktlarining tovar o‘tkazish quvvati 30,6 million tonnaga yetkaziladi.
Chegara bojxona postlarini 12 ta inspeksion ko‘rik majmuasi, 35 ta elektron tarozi, 100 ta transport davlat raqamini avtomatik aniqlash kamerasi, 7 ta “Body scanner” 5 mingta GPS elektron plombasi, 3 mingta litsenziyalangan antivirus dasturi va 1 mingta zamonaviy kompyuter bilan jihozlash rejalashtirilgan.
2030-yilga qadar tovarlar va transport vositalari to‘g‘risida onlayn axborot almashinuvi yo‘lga qo‘yilgan xorijiy davlatlar soni 18 taga yetkaziladi.
Yangi bojxona — iqtisodiy taraqqiyot omili
Zamonaviy bojxona faqat tovarlar harakatini nazorat qiluvchi yoki byudjetga to‘lov undiruvchi organ emas. U tashqi savdoni yengillashtirishi, halol tadbirkorni qo‘llab-quvvatlashi va iqtisodiy xavfsizlikni ta’minlashi lozim.
Chegara punktlarining tovar o‘tkazish quvvatini 30,6 million tonnaga oshirish O‘zbekistonning mintaqaviy savdo va logistika markazi sifatidagi mavqeini mustahkamlaydi.
Eng muhimi, tizimni raqamlashtirish yakuniy maqsad emas, balki tadbirkor uchun vaqt va xarajatlarni qisqartirish, davlat uchun fiskal barqarorlikni ta’minlash, jamiyat uchun esa ochiq, shaffof va ishonchli bojxona tizimini shakllantirish vositasi sifatida qaralmoqda.
G‘.Nasirov, polkovnik,
Bojxona qo‘mitasi
raisining birinchi o‘rinbosari