O‘zbekiston – Albaniya: Global tashkilotlar doirasidagi ko‘p tomonlama hamkorlik istiqboli
Markaziy Osiyoning yetakchi davlatlaridan biri hisoblangan O‘zbekiston va Bolqonning muhim davlati – Albaniyaning xalqaro maydondagi hamkorligi so‘nggi yillarda jadal rivojlanmoqda.
Zamonaviy xalqaro munosabatlar tizimida davlatlarning nafaqat ikki tomonlama, balki global va mintaqaviy tashkilotlar, xalqaro platformalar doirasidagi hamkorligi alohida geosiyosiy ahamiyat kasb etadi. Har ikki mamlakat Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) va Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YeXHT) kabi nufuzli maydonlarda global xavfsizlikni ta’minlash, barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish va xalqaro huquq ustuvorligini himoya qilish borasida o‘zaro yondashuvlarni muntazam muvofiqlashtirib kelmoqda.
Xususan,BMT doirasida global inqirozga qarshi kurashish, iqlim o‘zgarishi oqibatini yumshatish va davlatlar suvereniteti hamda hududiy yaxlitligi tamoyilini qo‘llab-quvvatlashda yaqin siyosiy birdamlik mavjud.
O‘zbekiston ilgari surayotgan, ayniqsa Orol bo‘yi mintaqasini ekologik innovatsiya va texnologiya hududi deb e’lon qilish tashabbusi Albaniya tomonidan ijobiy baholangan. Davlatlarimiz 2030-yilgacha mo‘ljallangan Barqaror rivojlanish kun tartibini bajarishda xalqaro hamjamiyat bilan hamnafas harakatlanmoqda.
YeXHT platformasi esa O‘zbekiston va Albaniya uchun transmilliy tahdid, xususan terrorizm, ekstremizm, narkotrafik va kiber jinoyatchilikka qarshi kurashishda muhim xavfsizlik mexanizmidir. Bolqon va Markaziy Osiyo mintaqalarining o‘ziga xos xavfsizlik muammolarini hal qilishda ikki davlat YeXHT harbiy-siyosiy hamda iqtisodiy-ekologik mezoni doirasida o‘zaro tajriba almashib kelmoqda. Shu bilan birga Albaniyaning Islom hamkorlik tashkilotiga a’zoligi o‘zaro aloqalarni nafaqat siyosiy-huquqiy, balki madaniy-gumanitar yo‘nalishda ham boyitishga xizmat qiladi. Ushbu tuzilma doirasida islom sivilizatsiyasining bag‘rikenglik g‘oyasini targ‘ib qilish, ziyorat turizmini rivojlantirish va madaniy merosni asrash bo‘yicha sheriklik uchun keng imkoniyat mavjud.
Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, hozirgi geosiyosiy o‘zgarish, global inqiroz davrida O‘zbekiston va Albaniyaning ko‘p tomonlama tashkilotlar orqali yo‘lga qo‘ygan hamkorligi ikki davlatning tashqi siyosatdagi konseptual qarashlari mushtarakligini ko‘rsatadi. Bu jarayon nafaqat mamlakatlarimizning xalqaro nufuzini oshiradi, balki jahon miqyosida tinchlik va barqaror taraqqiyotni mustahkamlashga ham munosib hissa qo‘shadi.
Fardona Yaxshiboyeva, O‘zA