Qurilish sohasida tadbirkorlar muammolari muhokama markazida
Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi vakillari ishtirokida O‘zbekiston Texnik jihatdan tartibga solish agentligi huzurida tashkil etilgan Tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash klubi doirasida qurilish sanoati sohasida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik sub’ektlari hamda davlat ishtirokidagi korxonalar bilan ochiq muloqot o‘tkazildi.
Mazkur tadbir O‘zbekiston Texnik jihatdan tartibga solish agentligi, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi hamda “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi hamkorligida tashkil etildi.
Uchrashuv davomida mamlakatimizda tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, ishlab chiqarish jarayonlarini zamonaviy talablar asosida takomillashtirish hamda qurilish sanoatining raqobatbardoshligini oshirishga qaratilgan dolzarb masalalar muhokama qilindi.

Xususan, Prezidentning 2026-yil 16-fevraldagi PF–25-son farmoni asosida tadbirkorlik sub’ektlari uchun yaratilayotgan yangi imkoniyatlar va imtiyozlar, texnik jihatdan tartibga solish tizimida amalga oshirilayotgan islohotlarning bugungi holati hamda qurilish sanoatini yanada rivojlantirishga qaratilgan ustuvor vazifalar yuzasidan taqdimotlar o‘tkazildi.
Muloqot chog‘ida qurilish materiallari ishlab chiqarish zanjiridagi mavjud muammolar, mahsulotlar xavfsizligi va sifatini ta’minlash, ishlab chiqarishni xalqaro standartlarga moslashtirish, eksport salohiyatini kengaytirish hamda ichki bozorda sifatsiz mahsulotlar aylanishining oldini olish masalalari atroflicha muhokama qilindi.

Tadbir ishtirokchilari sohadagi mavjud muammolar va ularning yechimlari bo‘yicha o‘z fikr-mulohazalari hamda takliflarini bildirdi. Mas’ullar tomonidan tadbirkorlar ko‘targan masalalarni tizimli hal etish, davlat va xususiy sektor o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash hamda ochiq muloqot platformalarini yanada kengaytirish muhim ekani ta’kidlandi.
Ta’kidlanganidek, bunday muloqotlar qurilish sanoatini barqaror rivojlantirish, tadbirkorlik sub’ektlarini qo‘llab-quvvatlash va sohadagi islohotlar samaradorligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Sh.Mamaturopova, O‘zA