O‘zbekiston – 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasi chempioni
Samarqand xalqaro turizm markazidagi “Boqiy shahar” majmuasida Xalqaro shaxmat federatsiyasi (FIDE)ning 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasining tantanali yopilish marosimi o‘tkazildi.
10-sentabr kuni FIDE III shaxmat paralimpiyadasi bilan boshlangan va Butunjahon shaxmat olimpiadasi, Xalqaro shaxmat federatsiyasi Kongressi bilan davom etgan Samarqanddagi shaxmat tadbirlari yakunlandi.
Barcha tadbirlar ishtirokchilar va jamoalar soni bo‘yicha FIDE tarixida eng yuqori ko‘rsatkichlarni qayd etib, Samarqand shaxmat olimpiadasi nufuzi yanayam baland bo‘ldi.
Shuningdek, Xalqaro shaxmat federatsiya tarixida ilk bor shaxmat paralimpiyadasi Butunjahon shaxmat olimpiadasi bilan bir vaqtda va bir joyda o‘tkazildi hamda unda 36 davlatdan 41 jamoa, 164 nafar yetakchi shaxmatchi qatnashdi. Biz uchun e’tiborlisi, mamlakatimiz vakillari chinakam matonat va iroda ko‘rsatib, ilk bor shaxmat paralimpiyadasi bronza medallarini qo‘lga kiritdi.
Samarqand mezbonligidagi FIDE kongressi Bosh Assambleyasida qozog‘istonlik Timur Turlov Xalqaro shaxmat federatsiyasi prezidenti etib saylandi. FIDEning sakkizinchi prezidenti sifatida faoliyat boshlayotgan Temur Turlov tashkilotning eng yosh – 38 yoshli rahbari hisoblanadi.
15-sentabrda tantanali ochilish marosimi o‘tkazilgan 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasida 200 dan ortiq davlatdan jami 394 ta – erkaklar ochiq turnirida 205, ayollar musobaqasida 189 jamoa qatnashdi va FIDE tarixidagi eng yirik shaxmat olimpiadasi sifatida qayd etildi. Ishtirokchi jamoalar 11 turda o‘z kuch va salohiyatlarini namoyon qildi.
[gallery-31639]
Olimpiada yopilish marosimi FIDEning turli kategoriyalari bo‘yicha g‘oliblarni taqdirlash bilan boshlandi. Jamoalar musobaqalardagi ishtiroki, reyting o‘rni va o‘ziga xos muvaffaqiyatlari uchun rag‘batlantirildi.
Jumladan, mamlakatimiz ayollar ikkinchi terma jamoasi a’zolari “V” kategoriyasida bronza medallariga sazovor bo‘ldi. O‘zbekiston – 1 erkaklar terma jamoamiz a’zosi Nodirbek Yoqubboyev 3-taxtada kumush medal bilan, Javohir Sindorov 2-taxtada bronza medali bilan, Nodirbek Abdusattorov esa 1-taxtada oltin medal bilan taqdirlandi.
Shuningdek, olimpiadaning “Eng yaxshi ayol shaxmatchi”, “Eng yaxshi erkak shaxmatchi” nominatsiyalari g‘oliblariga FIDEning maxsus mukofotlari topshirildi. Hamyurtimiz Javohir Sindorov “Eng yaxshi erkak shaxmatchi” nominatsiyasi g‘olibi bo‘ldi.
So‘ngra sahnaga Xalqaro shaxmat federatsiyasi (FIDE)ning yangi saylangan prezidenti Timur Turlov taklif etildi va u 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasi ayollar musobaqalari g‘oliblariga chempionlik kubogi va medallarini tantanali topshirdi.
Ayollar musobaqalarida uchinchi o‘rin va bronza medali Hindiston jamoasiga, ikkinchi o‘rin va kumush medallar Qozog‘iston vakillariga, birinchi o‘rin va oltin medal hamda “Vera Menchik” kubogi Xitoy davlati shaxmatchilariga topshirildi.
Chempion jamoa sharafiga Xitoy Xalq Respublikasi madhiyasi yangradi.
46-Butunjahon shaxmat olimpiadasi ochiq turniri (erkaklar) g‘oliblarini taqdirlash uchun sahnaga O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri, O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi rahbari A.Aripov taklif etildi.
Olimpiada bronza medallari Germaniya jamoasiga, kumush medallar hindistonlik shaxmatchilarga topshirildi.
Va nihoyat, FIDE 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasi oltin medallari va “Hamilton –Rassel” kubogi O‘zbekiston jamoasi a’zolariga taqdim etildi.
Chempion o‘g‘lonlarimiz sharafiga O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi yangradi.
Ta’kidlash lozimki, yurtimiz mezbonligidagi o‘tkazilgan olimpiadada erkak va ayol shaxmatchilarimiz uchtadan jamoa bilan ishtirok etdi. Mahoratli va iste’dodli shaxmatchilarimiz Nodirbek Abdusattorov, Javohir Sindorov, Nodirbek Yoqubboyev, Muhiddin Madaminov, Shamsiddin Vohidovdan iborat O‘zbekiston-1 jamoasi 20 ochko jamg‘arib, 2026-yilgi shaxmat olimpiadasi chempioni bo‘ldi. Bu muzaffar yurish bilan vakillarimiz 2022-yilda Chenay olimpiadasida oltin, 2024-yilda Budapeshtda bronza medallarini qo‘lga kiritganlari tasodif bo‘lmagani va O‘zbekistonda shaxmat jadal rivojlanayotgani, yurtimiz sportchilarining intellektual salohiyati yuqori ekanligini yana bir bor dunyoga namoyon etdilar.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev shaxmat bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi a’zolariga tabrik yo‘llab, ularning har biri yuksak iste’dod va mahorat egasi ekanini alohida e’tirof etdi.
Jumladan, tabrikda “Sizlar – Yangi O‘zbekiston qahramonlari, jahon shaxmat olamida yangi tarix yaratgan oltin avlodsiz. Butun xalqimiz sizlar bilan cheksiz faxrlanadi, g‘ururlanadi.
Ushbu nufuzli musobaqalarda sizlar tengsiz aql va tafakkur egalari bo‘lgan Muhammad Xorazmiy, Ahmad Farg‘oniy, Beruniy, Ibn Sino, Amir Temur, Mirzo Ulug‘bek, Alisher Navoiy kabi buyuk ajdodlarimizga munosib vorislar ekaningizni amalda namoyon etdingiz” deyiladi.
Davlatimiz rahbari musobaqalarda ishtirok etgan boshqa jamoalarimiz matonati va jasoratli parashaxmatchilarimiz erishgan muvaffaqiyat – bronza medallarini yuksak natija sifatida qayd etib, el-yurtimiz barcha shaxmatchilarimiz timsolida kuchli bilim va iroda sohiblarini, katta-katta marralarni zabt etishga qodir bo‘lgan Yangi O‘zbekiston yoshlarini ko‘rishini alohida ta’kidlagan.
Shu tariqa Samarqand mezbonligida o‘tgan FIDE 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasi nafaqat O‘zbekiston shaxmatchilarining ulkan zafari bilan, balki O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi FIDE tomonidan 2026 yilda “Eng yaxshi federatsiya” nominatsiyasida g‘olib deb topilgani, tajribali murabbiy, grossmeyster Rustam Qosimjonov FIDEning faxriy vitse-prezidenti, Hulkar Tohirjonova FIDEning Markaziy Osiyo davlatlari bo‘yicha mintaqaviy prezidenti etib saylangani bilan ham tarixiy ahamiyatga ega bo‘ldi.
[gallery-31637]
Marosimda mamlakatimiz san’at ustalari va yosh ijrochilari tomonidan katta konsert dasturi namoyish etildi.
Tadbir so‘ngida FIDE shaxmat olimpiadasi bayrog‘i 2028-yilda Abu Dabi shahrida o‘tkaziladigan 47-Butunjahon shaxmat olimpiadasiga mezbonlik qiladigan Birlashgan Arab Amirliklari sport mutasaddilariga tantanali topshirildi.
FIDE madhiyasi yangradi va Xalqaro shaxmat federatsiyasi prezidenti Timur Turlov 47-Butunjahon shaxmat olimpiadasini rasman yopiq deb e’lon qilish oldidan Samarqand shaxmat tadbirlari yuqori saviyada o‘tkazilgani uchun O‘zbekiston Prezidenti va hukumatiga minnatdorlik bildirdi hamda O‘zbekiston shaxmat federatsiyasiga FIDEning “Shon-sharaf” medalini topshirdi. FIDEning qariyb yuz yillik tarixida ilk bor Markaziy Osiyoda, O‘zbekistonda o‘tkazilgan mazkur nufuzli musobaqa bir qator o‘ziga xos jihatlari bilan muhim ahamiyatga ega bo‘lganini ta’kidladi.
G‘olib Hasanov, Almurod Mamadaminov, Alisher Isroilov (surat),
O‘zA muxbirlari