Osiyo o‘yinlarida sportchilarimizning shashti baland
Yaponiyada davom etayotgan XX Osiyo o‘yinlarining 27-sentabr kungi bellashuvlari yakuniga yetdi. Unda sportchilarimiz to‘rtta medalni qo‘lga kiritdi.
Aichi va Nagoya shaharlaridagi sport majmualarida o‘tkazilayotgan Osiyo o‘yinlarining sakkizinchi kunida sportchilarimiz o‘q otish, tennis, kurash, qilichbozlik, yengil atletika, sinxron suzish, chim ustida xokkey, boks, suvga sakrash, gandbol va voleybol turlarida bahs olib bordi.
Xususan, kurash musobaqalarining +90 kilogramm vazn toifasida O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi Shohruhxon Baxtiyorov oltin, yana bir vakilimiz Bekmurod Oltiboyev bronza medalga sazovor bo‘ldi. Ayollar o‘rtasida -57 kilogramm vazn toifasida bahs olib borgan Ibodatxon Agojonova esa barcha raqiblarini mag‘lub etib, Osiyo o‘yinlari chempioniga aylandi.
Shuningdek, qilichbozlikning sablya yo‘nalishidagi jamoaviy bahslarda Zaynab Dayibekova, Fernanda Errera, Gulistan Perdebayeva hamda Samira Shokirovandan iborat O‘zbekiston terma jamoasi bronza medalini qo‘lga kiritdi.
Tennis bo‘yicha jamoaviy bellashuvlarda Sergey Fomin va Humoyun Sultonovdan iborat tandem Xitoy Taypeyi terma jamoasini 4:6, 6:3, 10:3 hisoblarida mag‘lub etdi.
Boks bellashuvlarida -80 kilogramm vazn toifasidagi jahon chempioni Fazliddin Erkinboyev ilk jangini shri-lankalik Yazmin Mohammedga qarshi o‘tkazdi. Raqibidan har jabhada ustun bo‘lgan bokschimiz jangni birinchi raunddayoq nokaut bilan yakunladi.
-60 kilogramm vazn toifasida ishtirokini davom ettirayotgan Abdumalik Xalokov chorak finalda filippinlik Junmilardo Ogayreni, +90 kilogramm vazn toifasida Jahongir Zokirov esa tojikistonlik Muhammad Abroriddinovni mag‘lub etib, yarim finalga yo‘l oldi.
Afsuski, Nigina O‘ktamova va Navbahor Hamidova o‘z vazn toifalarida raqiblariga mag‘lub bo‘ldi.
[gallery-31635]
Shu tariqa, O‘zbekiston delegatsiyasining 27-sentabr kungi bahslardan so‘ng Osiyo o‘yinlaridagi medallari soni 10 ta oltin, 17 ta kumush va 11 ta bronza, jami 38 taga yetdi. Delegatsiyamiz umumjamoa hisobida to‘rtinchi o‘rindan joy oldi.
Medallar jamg‘arish bo‘yicha kuchli uchlikda Xitoy — 119 ta oltin, 48 ta kumush va 38 ta bronza, Yaponiya — 32 ta oltin, 62 ta kumush va 58 ta bronza, Janubiy Koreya — 21 ta oltin, 23 ta kumush va 39 ta bronza medal bilan bormoqda.
Javohir Toshxo‘jayev,
Sarvar O‘rmonov (surat) Yaponiya,
O‘zA