“O‘zbekgidroenergo” AJ 2025-yilni qanday natijalar bilan yakunladi? (+video)
Mamlakat iqtisodiyotini barqaror rivojlantirishda energetika tizimi muhim o‘rin tutadi. Ayniqsa, mavjud quvvatlarni mustahkamlash, yangi ishlab chiqarish manbalarini yaratish hamda aholi turmush farovonligini oshirishda qayta tiklanuvchi energiya manbalariga bo‘lgan e’tibor tobora kuchaymoqda. Shu nuqtai nazardan, gidroenergetika tarmog‘i mamlakat energetika salohiyatini mustahkamlashda strategik ahamiyat kasb etadi.
So‘nggi yillarda ushbu sohada amalga oshirilayotgan islohotlar va yirik loyihalar natijasida gidroenergetika tarmog‘i izchil taraqqiy etib bormoqda. Xususan, “O‘zbekgidroenergo” aksiyadorlik jamiyati tomonidan yangi gidroenergetika inshootlarini barpo etish, mavjud stansiyalarni modernizatsiya qilish hamda ularning quvvatini oshirishga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Natijada mamlakat gidroenergetikasi imkoniyatlari kengayib, bu elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmini oshirish va tarmoq barqarorligini ta’minlashga xizmat qilmoqda.
Ana shu jarayonlar va erishilayotgan natijalar bugun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Ommaviy axborot vositalari uchun kontent tayyorlash markazida o‘tkazilgan matbuot anjumanida atroflicha muhokama qilindi.
Tadbirda “O‘zbekgidroenergo” AJ boshqaruvi raisining birinchi o‘rinbosari Azimjon Ahmadjonov, “O‘zbekgidroenergo” AJ boshqaruvi raisi o‘rinbosari Farrux Nurullayev va boshqalar so‘zga chiqib, mazkur tashkilot tomonidan 2025-yilda qo‘lga kiritilgan natijalar hamda kelgusi davrga mo‘ljallangan ustuvor rejalar haqida to‘xtalib o‘tdi.
Ta’kidlanganidek, mamlakatimizda avval jami quvvati 1 604 megavatt bo‘lgan 36 ta gidroelektr stansiya faoliyat yuritar edi. So‘nggi yillarda amalga oshirilgan investitsiya loyihalari natijasida tarmoqning ishlab chiqarish quvvatlari qariyb 800 megavattga oshirilib, umumiy quvvat 2 400 megavattga yetkazildi.
Bugungi kunda esa respublikadagi gidroelektr stansiyalar soni 100 tadan oshdi. O‘tgan davr mobaynida 13 ta mavjud gidroelektr stansiya modernizatsiya qilinib, yana 64 ta yangi gidroenergetika ob’ekti foydalanishga topshirildi. Mazkur loyihalarni amalga oshirish uchun jami 1,3 milliard AQSH dollari miqdorida investitsiyalar jalb qilindi.
2025-yil yakunlariga ko‘ra, jamiyat korxonalari tomonidan 6,5 milliard kVt·soat elektr energiyasi ishlab chiqarildi. Davlat investitsiya dasturi doirasida 237 million AQSH dollari miqdorida investitsiyalar o‘zlashtirildi. Shuningdek, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 700 milliard so‘mdan ortiqni tashkil etdi.
Tadbirda mas’ullar joriy yilgi rejalarga ham urg‘u berdi. Unga ko‘ra, 2026-yilda elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmini 15 foizga ortig‘i bilan bajarish, 264 million dollar hajmidagi investitsiyani o‘zlashtirish va sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini 935 milliard so‘mga yetkazish rejalashtirilgan.
–Ushbu yilda umumiy quvvati 152 megavatt bo‘lgan 15 ta yangi ishlab chiqarish quvvati ishga tushiriladi va 276 ta yangi ish o‘rni yaratiladi. Yana bir muhim yo‘nalish – gidroenergetika sohasida mahalliylashtirish darajasini oshirish. Shu maqsadda, Bo‘stonliq tumanida “UzHydroPower” qo‘shma korxonasi ishga tushirildi. Ushbu korxonada quvvati 1 kVtdan 40 MVtgacha bo‘lgan gidroagregat va zaruriy ehtiyot qismlar ishlab chiqarilmoqda. Loyiha doirasida 300 ta yangi ish o‘rni yaratildi. Shu bilan birga, suv omborlari va gidroenergetika ob’ektlarida raqamlashtirish va avtomatlashtirish ishlari keng joriy etilmoqda. Xususan, Yagona vaziyatlar markazi tashkil etildi va 4 ming 700 dan ortiq avtomatlashtirilgan nazorat-o‘lchov qurilmasi asosida suv resurslarini onlayn monitoring qilish imkoniyati yaratildi. Bugungi kunda “Loyihalar fabrikasi” tashkil etilgan bo‘lib, umumiy quvvati 3,2 gigavattli 50 ga yaqin loyiha ustida tashkiliy-amaliy ishlar olib borilmoqda, – dedi “O‘zbekgidroenergo” AJ boshqaruvi raisi o‘rinbosari Farrux Nurullayev.
Tadbir yakunida ta’kidlanganidek, ushbu tashkilotning xalqaro maydonda ham nufuzi tobora ortib bormoqda. Xususan, o‘tgan 2025-yilda “O‘zbekgidroenergo” AJning xalqaro kredit reytingi “BB-”dan “BB” darajasiga ko‘tarildi. Shuningdek, jamiyat ISO 37001 va ISO 31000 xalqaro standartlari bo‘yicha sertifikatlarga ega bo‘ldi. ESG xalqaro reytingida 79 ball bilan Markaziy Osiyoda eng yuqori ko‘rsatkichga erishildi. Albatta, bu natijalar xalqaro investorlarning ishonchini yanada mustahkamlamoqda.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/VeZUGmvvrHE?si=LPesaDGmnAfTJNH_" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Nasiba Ziyodullayeva,
Doniyor Yoqubov,
Anvarxo‘ja Ahmedov (video, montaj),
O‘zA