O‘zbek xonadonida baxtimni topdim
15-may – Xalqaro oila kuni
10 yil yashab qo‘yibmiz. Ko‘z ochib - yumguncha shuncha yil o‘tibdi. Bugun 3 nafar farzandning ota-onasimiz.Va bugun men aniq ayta olaman – hayotda eng muhimi oila.
Navoiy davlat pedagogika instituti (hozirgi Navoiy davlat universiteti) filologiya fakultetini tamomlaganman. To‘yimizga qadar (2016-yilda turmush qurganmiz) “Eng faol sport jurnalisti”, “Eng yosh jurnalist” kabi nominatsiyalar bo‘yicha viloyat va respublika tanlovlarida yuqori o‘rinlarni egallab, musobaqalarda diplom, sertifikatlar olib, mamlakatimizning turli hududlarida xizmat safarlarida bo‘lardim. G‘oliblik va ishim bilan bog‘liq bu yurishlarimdan katta zavq tuyardim. Bular men uchun juda muhim edi.
2014-yilda “Do‘stlik bayrog‘i” gazetasi tahririyatida “Gorbachyov” deb tanilgan bo‘lg‘usi turmush o‘rtog‘im Siroj Aslonov bilan tanishdik va hayotim o‘zgarib ketdi. 2 yillik sinovlardan so‘ng u bilan turmush qurdik.

To‘yimiz oddiy va kamtarona bo‘lgan. Kamxarj, kamchiqim, kamsonli do‘stlar davrasida. To‘yimizda an’anaviy kelinlar “fata”sini kiymaganman, “Farhod va Shirin” obrazida chiqqanmiz. Bu hammaga juda yoqqandi. “Zags”imiz ham chiroyli va oddiy bo‘lgan, eng yaqin do‘stlarimiz hamrohligida nikohimizni qayd etganmiz.
O‘zim oilada yolg‘iz farzand bo‘lganim uchun doim katta oilam va ko‘p farzandlarim bo‘lishini orzu qilardim. Aynan shunday fayzli xonadonga kelin bo‘ldim. Qaynona-qaynotam ma’rifatli, bag‘rikeng va juda samimiy insonlar. Katta hovliga kelin bo‘lib tushdim. 20 yoshimda musulmon dinini qabul qilgandim. Barcha o‘zbekona udumlarni chin ko‘ngildan bajardim. O‘zbek tilini yaxshi bilmasdim, gapirishniku qo‘ya turing. 3 yil ularning xizmatini qildim va shundan so‘ng bosh to‘lovi davlat tomonidan to‘lab berilgan “Kamolot” uylaridan sotib olib, ko‘chib chiqdik.
Men rus, ular o‘zbek – turmushimizda, an’analar, qarashlar va odatlarimizda farqlar bo‘lishi tabiiy hol edi. Moslashdim, ko‘nikdim, o‘rgandim bu baxtli hayotimizning kaliti bo‘ldi.
Qaynona-qaynotamning hayotidan juda ko‘p narsani o‘rgandim, desam ham bo‘ladi. Ular bizning sevgimizga qarshi bo‘lishmagan, aksincha o‘g‘illarini qo‘llab-quvvatlashgan. “Muhimi, bir biringizni sevib, tushunib yashasangiz, kifoya”, deyishgan. Aksincha, turmush o‘rtog‘imning qarindoshlari bu to‘yga qarshi bo‘lgan va shu sabab, qaynona-qaynotamdan arazlab, ma’lum muddat “bordi-keldi”ni to‘xtatib qo‘yishgan. “Bular baribir ajrashib ketadi”, deb o‘ylashgan. Bugun esa ular biz bilan faxrlanishadi. Qaynonam “o‘ris kelinim – durust kelinim” deb maqtaydi, erkalatadi va bu menga juda yoqadi. Dadajon va oyijonning o‘zlari ham sevib-sevilib turmush qurishgan ekan. 1981-yilda to‘ylari bo‘lgan bo‘lsa, 45 yildan beri, bir-birini suyab-suyanib yashashadi.

O‘z ota-onam ham mendan ko‘ngillari to‘q. Avval taqdirimdan xavotirlangan bo‘lishsa, hozir baxtimdan faqat xursand bo‘lishadi. Oilaviy bayramlarimizni ular ham juda yaxshi ko‘radi. Ota-onam o‘zbek tilini yaxshi bilishmasa ham, qaynota-qaynonamni yaxshi tushunishadi. Bir-birini hurmat qilishadi. Onalarimizni birga sihatgohlarga jo‘natib turamiz. Yaxshi til topib ketishgan.
Katta qizimiz 8 yoshda, 2-sinfda o‘qiydi va badiiy gimnastika bilan jiddiy shug‘ullanadi. Bobo, buvilari jahon chempioni bo‘lsin, deya niyat qilishgan. Alibegim 4 yoshda, Amir esa 1,5 yoshda. Men hozir bolalarim xizmatidaman. Ularni maktabga, bog‘chaga va mashg‘ulotlarga olib boraman, ular bilan birga o‘qiyman, birga shug‘ullanaman.
Turmush o‘rtog‘imning ishini doim kuzatib boraman. U O‘zbekiston Milliy axborot agentligi (O‘zA)ning Navoiy viloyati bo‘yicha fotomuxbiri. Ijodkor inson. Viloyatga oid yangiliklarni faqat respublikaga emas, butun dunyoga tarqatadi. U kishining ishini yaxshi bilaman. Bilimi, salohiyati, iqtidorini qadrlayman. Yutuqlarida ozgina bo‘lsa ham mening hissam borligidan xursandman, albatta. Oilasi, farzandlaridan ko‘ngli to‘q, ro‘zg‘ori tinch insongina jamiyatga foyda keltira oladi.
Men ayol sifatida o‘z vazifalarimni chin ko‘ngildan bajarishga intilaman va umid qilamanki, kelajakda bu ishlarim, albatta, o‘z samarasini beradi. Farzandlarimiz ota-onasiday jamiyatga kerakli shaxslar bo‘lib yetishsa, maqsadga yetganimiz shu bo‘ladi.
10 yillik turmushimizdan ko‘p narsani angladim. Baxtli bo‘lishni o‘rgandim. Bugun mening o‘rnim oilada, farzandlarim yonida, hozir ularga juda kerakman. Vaqti yetganida, yana sevimli ishimga qaytaman. Lekin ayol kishining baxti avvalo oilasida ekanini yaxshi bilib oldim, muhimi shu. Bugun ham biz “Farhod va Shirin”miz.
Ayol kishi uchun nima kerak bo‘lsa, bugun menda hammasi bor. Baxtliman. Hamma ayollar baxtli bo‘lsin.
Alyona Garbochyova, uy bekasi. O‘zA