O‘zbek hunarmandlari xalqaro ko‘rgazmalarni zabt etmoqda
Italiyaning Milan shahrida “Milan Design Week 2026” doirasida “O‘rik gullaganda” ko‘rgazmasi tashkil etildi.
Unda o‘tkazilgan kundalik mahorat darslari tashrif buyuruvchilarga O‘zbekistonning boy va qadimiy hunarmandchilik an’analarini yaqindan kashf etish imkonini berdi. Jonli ijodiy jarayonlar, amaliy tajriba hamda bevosita muloqot ushbu dasturga o‘ziga xos ruh bag‘ishladi.

Xususan, yog‘och o‘ymakorligiga bag‘ishlangan mahorat darsi ko‘plab mehmonlar e’tiborini tortdi. Ushbu darsni tajribali usta Abdulla Abdurazzoqov olib borib, milliy o‘ymakorlik san’atining nozik jihatlarini mahorat bilan namoyish etdi.

Shuningdek, ayni kunlarda Sankt-Peterburg shahrida o‘tkazilayotgan “O‘zbekiston kunlari” doirasida madaniy tadbirlar davom etmoqda. Mazkur tadbirda mamlakatimiz hunarmandlari, jumladan, Mansur Asadov, Rauf Tohirov, Olim Malyanov hamda Muxtasar Mamatvaliyevalar o‘z ijod namunalari bilan ishtirok etmoqda.

Milliy an’analarimiz va boy hunarmandchilik merosimizni namoyon etayotgan ushbu usta-hunarmandlar yurtimiz madaniyatini xalqaro miqyosda targ‘ib qilishda munosib hissa qo‘shmoqda.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA