Navoiy viloyatida migratsiya va ta’lim imkoniyatlari kengaymoqda
Bugun yurtimizda aholini munosib ish bilan ta’minlash, ularni xalqaro mehnat bozoriga raqobatbardosh kadr sifatida tayyorlash ustuvor vazifalardan biriga aylangan. Ayniqsa, mehnat migratsiyasini tartibli, xavfsiz va samarali tashkil etish, fuqarolarning kasbiy va til ko‘nikmalarini oshirishga qaratilgan islohotlar izchil amalga oshirilmoqda.
Navoiy viloyatida bu borada amalga oshirilayotgan ishlar ana shu islohotlarning amaliy natijasi sifatida namoyon bo‘lmoqda. Xususan, “KLETT EDU” kompaniyasi vakillarining viloyatga tashrifi xalqaro hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda.

Tashrif doirasida kompaniya bosh direktori Ferdinand Ayen, dastur koordinatori Mariya Xaussman, “Klett Uzbekistan” vakolatxonasi rahbari Oydin Djalilova hamda “Base33” markazi rahbari Imil Nagayev Migratsiya agentligi Navoiy hududiy filialida bo‘lib, nemis tili kurslarida tahsil olayotgan fuqarolar hamda tibbiyot xodimlari bilan muloqot o‘tkazdi.

Uchrashuv davomida Germaniyada ishlash tartiblari, talablar va imkoniyatlar yuzasidan batafsil ma’lumotlar berildi. Bu kabi ochiq muloqotlar fuqarolarning xorijiy mehnat bozori haqidagi bilimlarini oshirish, ularni qonuniy va xavfsiz ishlashga yo‘naltirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

– Mahalliy aholini xorijda ishlashga tayyorlashda til bilish va kasbiy ko‘nikmalar hal qiluvchi ahamiyatga ega, – deydi Migratsiya agentligi Navoiy hududiy filiali rahbari Ismat Boltayev. – Bugungi kunda Navoiy shahri, Xatirchi va Navbahor tumanlarida tashkil etilgan nemis tili kurslari yoshlar uchun keng imkoniyatlar yaratmoqda.
Navoiy viloyati hokimligida o‘tkazilgan uchrashuvda hamkorlikni yanada kengaytirish, yangi ta’lim dasturlarini joriy etish hamda mehnat migratsiyasi jarayonlarini tizimli tashkil etish masalalari muhokama qilindi. Bu esa kelgusida xalqaro standartlarga mos mutaxassislar tayyorlash imkoniyatlarini yanada oshirishga zamin yaratadi.

Shuningdek, Respublika o‘rta tibbiyot va farmatsevtika xodimlari malakasini oshirish va ularni ixtisoslashtirish markazi Navoiy filialida o‘tkazilgan tadbirda Germaniyada ishlash va malaka oshirish imkoniyatlari bo‘yicha taqdimot o‘tkazildi.
Unda 130 nafar o‘rta tibbiyot xodimi ishtirok etib, ulardan 30 nafardan ortig‘i xorijda ishlashga qiziqish bildirdi.

Bugungi islohotlarning muhim jihati shundaki, fuqarolarni shunchaki xorijga ishga yuborish emas, balki ularni puxta tayyorlash, huquqiy himoyasini ta’minlash va munosib mehnat sharoitlarini yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu esa inson qadrini yuksaltirishga qaratilgan davlat siyosatining amaliy ifodasidir.
Navoiy viloyatida migratsiya va ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan ishlar aholining bilim va salohiyatini oshirish, ularning bandligini ta’minlash hamda turmush darajasini yuksaltirishda muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri