O‘sh shahrida O‘zbekiston – Qirg‘iziston biznes muloqoti o‘tkazildi
Bugun O‘sh shahrida O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi hamda Qirg‘izistonning hamkor tashkilotlari tashabbusi bilan ikki mamlakat tadbirkorlari ishtirokida B2B uchrashuvlari tashkil etildi.
Ta’kidlanishicha, yig‘ilishda O‘zbekiston Kichik biznes uyushmasi raisi o‘rinbosari Muzaffarxon Musayev, yurtimizning O‘sh shahridagi bosh konsuli Zafarbek Ahmedov, O‘sh shahri hokimi Janarbek Akayev, shuningdek, ikki mamlakatning davlat idoralari, biznes uyushmalari va ishbilarmon doiralari vakillari ishtirok etdi.

Z.Ahmedov o‘z nutqida O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasida keyingi yillarda strategik sheriklik va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlari izchil rivojlanayotgani, bu esa savdo-iqtisodiy hamkorlik va hududlararo aloqalarning yangi bosqichga ko‘tarilishiga xizmat qilayotganini ta’kidladi.
M.Musayev esa O‘zbekistonda tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, investitsiya muhitini yaxshilash va eksport salohiyatini oshirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlar haqida ma’lumot berib, qirg‘izistonlik ishbilarmonlarni mamlakatimizdagi yangi loyihalarda faol ishtirok etishga chaqirdi.

B2B muloqotlarida 200 nafardan ortiq o‘zbek va qirg‘iz tadbirkorlari qatnashdi. Ular qurilish materiallari, oziq-ovqat sanoati, qishloq xo‘jaligi, to‘qimachilik, charm-poyabzal, mebel, kimyo va plastmassa mahsulotlari, farmatsevtika, elektr texnikasi, savdo, import-eksport, logistika, turizm hamda xizmatlar sohalarida o‘zaro muzokaralar o‘tkazdilar.
Uchrashuvlar davomida mahsulotlar eksportini kengaytirish, import-eksport operatsiyalarini rivojlantirish, qo‘shma ishlab chiqarish va investitsiya loyihalarini amalga oshirish yuzasidan qator kelishuvlarga erishildi.
O‘zA