Qovunlar Xitoy poytaxtiga eksport qilinadi
Xitoy Xalq Respublikasining agrosanoat sohasida faoliyat yurituvchi tadbirkorlari BMB Holding vakillari hamrohligida Jizzax viloyatida bo‘lib, Xolding kompaniyasi tarkibidagi korxonalar dalalarida yetishtirilgan qovunlar sifati bilan tanishdi.
Tashrif davomida asosiy e’tibor Jizzaxda yetishtirilgan qovunlarni Xitoy bozoriga eksport qilish istiqbollarini baholashga qaratildi. Xususan, mahsulotlarni Pekin shahridagi eng yirik ulgurji savdo markazlaridan biri sanaladigan “Sinfadi” bozoriga yetkazib berish imkoniyatlari muhokama qilindi.

Xitoylik tadbirkorlar Jizzax qovunlarining ta’mi, sifati va tabiiy xususiyatlarini yuqori baholadi. Ular ushbu mahsulotlar Xitoy iste’molchilari ehtiyojlariga mos kelishini qayd etib, qovunlarni Pekinning markaziy bozorlariga muntazam eksport qilishdan manfaatdor ekanini bildirishdi.

Mehmonlar, shuningdek, BMB-NRC Agrologistics korxonasida bo‘lib, qovunlarni saralash, qadoqlash va eksportga tayyorlash jarayonlari bilan tanishishdi.

Muzokaralar yakunida Xitoy tomoni BMB Holding bilan uzoq muddatli va o‘zaro manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga tayyor ekanini ma’lum qildi. Tomonlar Jizzaxda yetishtirilgan qovunlarni Xitoy bozoriga, jumladan, Pekin shahriga eksport qilish bo‘yicha amaliy ishlarni boshlashga kelishib olishdi.
Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri