“Orol-W” qizlar jamoasi oliy ligada
Qoraqalpog‘iston Respublikasining “Orol-W” qizlar futbol jamoasi birinchi ligada muddatidan oldin chempionlikni qo‘lga kiritdi va oliy ligaga yo‘llanma oldi.
O‘zbekiston chempionatining 20-turida “Orol-W” o‘z maydonida “Andijon-W” jamoasiga qarshi maydonga tushdi. Hal qiluvchi bahsda qoraqalpog‘istonlik qizlar 1:0 hisobida g‘alaba qozondi. Ushbu g‘alaba orqali jamoa ochkolarini 47 taga yetkazib, musobaqa jadvalida peshqadamlikni mustahkamladi. Chempionat yakuniga bir tur qolganida eng yaqin ta’qibchisi “Andijon-W” bilan oradagi farqni 6 ochkoga yetkazdi va muddatidan oldin chempionlikni qo‘lga kiritdi.

Eng muhimi, jamoa ushbu natija orqali O‘zbekiston qizlar oliy ligasiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi. Shu tariqa, Qoraqalpog‘iston qizlar futbol jamoasi tarixda ilk bor O‘zbekiston Oliy ligasida ishtirok etish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Bu tarixiy muvaffaqiyat Prezidentimizning Qoraqalpog‘iston yoshlariga degan otalarcha g‘amxo‘rligi, futbolchi qizlarning mehnati, matonati va jamoaviy hamjihatligining samarasidir. Ushbu g‘alaba Qoraqalpog‘istonda qizlar futbolini yanada rivojlantirish, yosh iste’dodlarni kashf etish va yangi yutuqlarga erishish yo‘lida muhim qadam hisoblanadi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri