O‘rik hosili nega kamaydi?
Farg‘ona o‘rigi hamisha xaridorgir bo‘lgan. Ayniqsa, Isfarak, Subhoni, Qantaki navlari xorijiy mamlakatlarda allaqachon brendga aylangan. Qolaversa, viloyatda o‘rikni qayta ishlash korxonalari ham ko‘p. Ular shoxida quritilgan, oftobi, bargak kabi o‘riklarni turli vaznda qadoqlab eksport qiladi. Biroq, 2026-yilda Farg‘ona viloyatida o‘rik hosili keskin kamaydi. Natijada eksport hajmi ham pasaydi. Jumladan, 2025-yilning yanvar-iyun oylarida 31,9 ming tonna o‘rik eksport qilingan bo‘lsa, joriy yilning shu davrida bu ko‘rsatkich 13,7 ming tonnani tashkil etdi.
– Aslida, o‘rik tabiat injiqliklariga nisbatan ancha chidamli daraxt. Masalan, uning tomir tizimi ham chuqur, ham yon tomonlarga yaxshi rivojlanadi. Shu bois suv tanqisligiga bardosh beradi. Hatto 2-3 yillik ko‘chatning tomiri 10-12 metrgacha yer qa’riga yetib boradi. Shuning uchun ham Rishton, O‘zbekiston va Beshariq tumanlarining qir-adir hududlarida hech ikkilanmay o‘rikzorlar barpo etilgan, – deydi tajribali fermer Adhamhoji Haqberdiyev. – Biroq bu yil o‘rik gullagan davrda yog‘ingarchilik uzluksiz kuzatildi. Muammo yog‘ingarchilik miqdorida emas, balki uning tez-tez takrorlanganida bo‘ldi. Natijada gullarda changlanish jarayoni to‘liq kechmadi, ko‘plab gullar meva tugmasdan to‘kilib ketdi.
– Ayrim bog‘larda esa hosil avvalgi yillardagidek bo‘lgani kuzatildi. Buning sababi nimada?
– Ha, bunday bog‘lar ham bor. Ayrim bog‘bonlar tajriba tariqasida har bir yomg‘irdan keyin havo purkagich yordamida o‘rik gullarida to‘plangan suvni ketkazishdi. Bu usul yaxshi samara berdi. Biroq bunday bog‘lar jami o‘rikzorlarning 10-15 foizinigina tashkil etadi, – deydi mirishkor bog‘bon.
Muhammadjon Obidov, O‘zA muxbiri