To‘raqo‘rg‘onda uzumchilik rivojlanib bormoqda
FOTOREPORTAJ
Namangan viloyati To‘raqo‘rg‘on tumanidagi Uzumzor mahallasi uzumchilik, qulupnay va shaftoli yetishtirish, shuningdek, tok bargini eksport qilish bo‘yicha viloyatdagi namunali hududlardan biri hisoblanadi.
Mahallada 2 ming nafardan ortiq aholi istiqomat qiladi. Hozirgi kunda 548 gektar maydonda tok parvarish qilinib, yiliga 3–3,5 ming tonna uzum yetishtiriladi. Hosilning qariyb 2 ming tonnasi eksportga yo‘naltiriladi. Yangi yerlarni o‘zlashtirish hisobiga tokzorlar maydoni joriy yilning o‘zida 40 gektarga kengaydi va bu mahallada aholi bandligini ta’minlashga xizmat qildi.
[gallery-30694]
Mahalla ahli bir mavsumda uzumchilikdan qariyb 8,5 milliard so‘m daromad ko‘radi. Shuningdek, tok bargi eksporti ham aholi uchun qo‘shimcha daromad manbai bo‘lib xizmat qilmoqda. Hozirgi kunda tokzorlarda kishmish navli uzumni yig‘ib-terib olish ishlari qizg‘in davom etmoqda.
“Tashabbusli byudjet” loyihasi doirasida mahalladagi barcha ko‘chalar asfaltlanib, ko‘cha chiroqlari o‘rnatildi, ichki va dala yo‘llari obodonlashtirildi. Bu ishlar aholi turmush farovonligini yanada yuksaltirishga xizmat qilmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, To‘raqo‘rg‘on tumanida jami 4 ming 836 gektar maydonda meva yetishtirilib, yillik hosil hajmi 45,2 ming tonnani tashkil etadi.
Hotam MAMADALIEV (surat), O‘zA