O‘quvchilarga kitob, o‘quv qurollari va esdalik sovg‘alar topshirildi
Poytaxtimizdagi imkoniyati cheklangan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan 36-sonli yordamchi maktabda “Mehrli qo‘llar mehr ulashib” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.
Tadbir Ma’naviyat va ma’rifat markazi hamda Davlat Bojxona qo‘mitasining Bojxona instituti hamkorligida “Xalqaro nogironlar kuni”ga bag‘ishlab o‘tkazildi.
Tadbirda mazkur maktab o‘qituvchi va o‘quvchilari, Ma’naviyat va ma’rifat markazi xodimlari hamda Bojxona institutining bir guruh tashabbuskor kursantlari va xodimlari qatnashdi.
– Mamlakatimizda aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlami, nogironligi bor insonlarga hayotda teng imkoniyat va sharoitlar yaratib berish masalasiga alohida e’tibor qaratilmoqda. – dedi Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi bo‘lim boshlig‘i Mahfirat Zikirova. – “Xalqaro nogironlar kuni”ga bag‘ishlab o‘tkaziladigan ushbu tadbir ham imkoniyati cheklangan yoshlarga ijtimoiy yordam ko‘rsatish, moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlash, ularning jamiyatda o‘z o‘rinlarini egallashlariga qaratilgan ijtimoiy aksiyadir.

Tadbir davomida maktab o‘quvchilariga kitoblar, o‘quv qurollari va esdalik sovg‘alari topshirildi. Maktab o‘quvchilari tomonidan ijro qilingan kuy-qo‘shiqlar davraga ko‘tarinki rux va o‘zgacha zavq bag‘ishladi.