Oq sement qo‘shni mamlakatlarga ham eksport qilinmoqda
Jizzax viloyatining Zomin tumanining Dashtobod shahrida faoliyat yuritayotgan “Dal Teknik Zomin Cement and Lime” MCHJ bugun nafaqat mamlakatimiz, balki butun Markaziy Osiyoda oq sement ishlab chiqarayotgan yirik sanoat korxonalaridan biri sifatida e’tirof etilmoqda. Zamonaviy yondashuv va ilg‘or texnologiyalar asosida barpo etilgan ushbu zavod qisqa vaqt ichida strategik ahamiyatga ega ishlab chiqarish markaziga aylandi.
Korxona rahbari Ibrohim Halil Alkanat boshchiligida yo‘lga qo‘yilgan ishlab chiqarish jarayonlari bugun yuqori sifat va barqarorlikni ta’minlamoqda. Mahsulotning xalqaro talablarga to‘liq javob berishi esa uni tashqi bozorlarda ham raqobatbardosh qilmoqda. Ayni paytda korxona mahsulotlari Tojikiston, Qirg‘iziston va Qozog‘iston bozorlariga eksport qilinmoqda.
Ma’lumki, oq sement qurilish va arxitektura sohasida alohida o‘rin tutadi. U nafaqat mustahkamlik, balki inshootlarga estetik ko‘rinish bag‘ishlaydi. Zavodda ishlab chiqarilayotgan sementning oqlik darajasi 85 foizdan yuqori bo‘lib, bu ko‘rsatkich uni yuqori qo‘shimcha qiymatga ega mahsulotlar qatoriga olib chiqmoqda.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, mazkur loyiha hudud sanoat salohiyatini oshirish bilan birga, yangi ish o‘rinlari yaratish va iqtisodiy faollikni kuchaytirishda muhim omil bo‘lmoqda. Shu jihatdan, korxona faoliyati nafaqat ishlab chiqarish, balki ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotga ham salmoqli hissa qo‘shmoqda.
— Zavodimiz 2019-yilda 10,3 gektar maydonda barpo etilgan. Bugun u mintaqa uchun muhim strategik korxonaga aylandi, — deydi korxona rahbari Ibrohim Halil Alkanat. — Yaqin istiqbolda eksport geografiyasini yanada kengaytirishni rejalashtiryapmiz. Shuningdek, ishlab chiqarish quvvatini yillik 140 ming tonnaga yetkazishni maqsad qilganmiz. Ushbu hajmning asosiy qismi eksportga yo‘naltirilib, valyuta tushumini sezilarli darajada oshirish ko‘zda tutilgan.
E’tiborli jihati shundaki, Jizzaxda ishlab chiqarilayotgan oq sement bugun sifat va ishonch ramziga aylanib ulgurdi. U Markaziy Osiyo qurilish bozorida yangi mezonlarni belgilash salohiyatiga ega.
[gallery-28418]
Xulosa qilib aytganda, “Dal Teknik Zomin Cement and Lime” MCHJ misolida sanoatni oqilona tashkil etish, resurslardan samarali foydalanish va uzoqni ko‘zlab reja tuzish qanday samara berishi yaqqol namoyon bo‘lmoqda. Bu esa mamlakatimiz iqtisodiyoti barqaror o‘sishining muhim omillaridan biri hisoblanadi.
A. Qayumov, J. Yorbekov (surat), O‘zA