“Ommaviy diktant” aksiyasi o‘tkazildi
“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Buxoro viloyati Kengashi hamda Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazining viloyat hududiy bo‘linmasi hamkorligida Buxoro viloyatida o‘zbek tili nufuzini oshirish, yoshlar o‘rtasida savodxonlik darajasini yuksaltirishga qaratilgan “Ommaviy diktant” aksiyasi yuqori saviyada tashkil etildi.
Aksiyada Abu Ali ibn Sino nomidagi Buxoro davlat tibbiyot instituti talabalari faol ishtirok etdi. Tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad talabalarning imloviy savodxonligini sinovdan o‘tkazish, o‘zbek tilining jamiyatdagi o‘rni va ahamiyatini yanada mustahkamlash, shuningdek, yoshlarda adabiy til me’yorlariga hurmat va qiziqishni oshirishdan iboratdir.

– Bunday tadbirlar yoshlarning ma’naviy kamolotida muhim ahamiyat kasb etadi, – deydi partiya viloyati Kengashi raisi o‘rinbosari Sunnatjon Axatov. – “Ommaviy diktant” nafaqat savodxonlikni oshirish, balki milliy o‘zlikni anglash, ona tiliga bo‘lgan hurmat va sadoqatni mustahkamlashga xizmat qiladi. Shuningdek, yoshlarni til madaniyatiga e’tiborli bo‘lishga, o‘z fikrlarini ravon va to‘g‘ri ifoda etishga undaydi.
Diktant matni Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazining Buxoro hududiy bo‘linmasi rahbari, filologiya fanlari doktori, professor Bibish Jo‘rayeva tomonidan o‘qib eshittirildi. U ishtirokchilarga muvaffaqiyat tilab, aksiyaning mazmun-mohiyati, til madaniyati va savodxonlikni oshirishdagi ahamiyati haqida atroflicha ma’lumot berdi.

Tadbir yakunida ishtirokchilarning ishlari soha mutaxassislari tomonidan xolisona baholandi. Eng yuqori natijalarga erishgan talabalar tashkilotchilar tomonidan munosib rag‘batlantirildi. Bu esa yoshlarni yanada izlanishga, bilim va ko‘nikmalarni mustahkamlashga undadi.
Bunday tadbirlarning muntazam o‘tkazilishi jamiyatda til madaniyatini yuksaltirish, davlat tiliga bo‘lgan ehtiromni mustahkamlash hamda kelajak avlodning intellektual salohiyatini oshirishda muhim omil bo‘lib xizmat qilishi shubhasiz.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.