Oliy ta’lim: istiqbolli hamkorlik
Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universitetida Xitoy Xalq Respublikasining Syuchjou sanoat-texnologiyalar kolleji va XCMG kompaniyasi vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda Xitoy delegatsiyasi vakillari bilan universitet rektori B.Jollibekov o‘rtasida ta’lim, fan va ishlab chiqarish yo‘nalishlaridagi hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. Muloqot davomida tomonlar zamonaviy texnologiyalar asosida yuqori malakali, amaliy ko‘nikmaga ega mutaxassislarni tayyorlash bo‘yicha o‘zaro fikr almashdi.

Uchrashuv yakunida Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti, Syuchjou sanoat-texnologiyalar kolleji va XCMG kompaniyasi o‘rtasida uch tomonlama hamkorlik memorandumi imzolandi. Memorandumda qurilish mashinasozligi sohasida zamonaviy talablarga javob beradigan mutaxassislarni tayyorlash, o‘quv dasturlari va o‘quv-metodik resurslarni birgalikda ishlab chiqish, professor-o‘qituvchilar va texnik mutaxassislar almashinuvini yo‘lga qo‘yish, talabalarni amaliy tayyorlash tizimini takomillashtirish kabi muhim yo‘nalishlar belgilab olindi.

Hamkorlikning muhim yo‘nalishlaridan biri sifatida dual ta’lim tizimini yo‘lga qo‘yish ko‘zda tutilmoqda. Ushbu tizim orqali talabalar nazariy bilimlarni universitetda egallash bilan bir qatorda, XCMG kompaniyasining ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish korxonalarida bevosita amaliy tajriba orttirish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Shuningdek, talabalar uchun ishlab chiqarish amaliyotlarini tashkil etish, zamonaviy texnika va texnologiyalar bilan ishlash ko‘nikmalarini shakllantirish hamda mehnat bozori talablariga mos keladigan kasbiy kompetensiyalarni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratiladi.

Tomonlar, shuningdek, Qoraqalpoq davlat universitetining Qurilish fakultetida “XCMG xorijiy qurilish va mashinasozlik texnologiyalari instituti”ning O‘zbekiston filialini tashkil etish bo‘yicha qo‘shma loyihani amalga oshirish masalasini muhokama qilishdi. Ushbu loyiha doirasida zamonaviy o‘quv dasturlarini joriy etish, ilg‘or xorijiy tajribani ta’lim jarayoniga olib kirish va ishlab chiqarish bilan uzviy bog‘langan mutaxassislar tayyorlash imkoniyatlarini kengaytirish rejalashtirilmoqda.
Uchrashuvda tomonlar ta’lim va ishlab chiqarish integratsiyasini mustahkamlash, dual ta’limning samarali mexanizmlarini joriy etish va qo‘shma ta’lim loyihalarini bosqichma-bosqich amalga oshirish bo‘yicha kelishib oldi. Ushbu hamkorlik Qoraqalpoq davlat universitetida talabalarning nazariy bilimlarini amaliyot bilan uyg‘unlashtirish, xalqaro tajribani o‘quv jarayoniga tatbiq etish hamda zamonaviy muhandislik yo‘nalishlari uchun malakali kadrlar tayyorlash imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri