Surxondaryoda 21 mingdan ortiq pedagog attestatsiya sinovlarida ishtirok etadi
Surxondaryo viloyatida maktabgacha, umumiy o‘rta va maktabdan tashqari ta’lim tashkilotlari pedagoglari uchun malaka (test) sinovlari o‘tkazilmoqda. 28-noyabrga qadar davom etadigan attestatsiya jarayonlarida o‘qituvchilarning mutaxassislik fani va kasb standarti bo‘yicha bilimlari, shuningdek, pedagogik mahorati baholanadi.
Joriy yilgi attestatsiyada ishtirok etish uchun viloyat pedagoglaridan jami 28 ming 745 ta ariza kelib tushgan. Murojaatlar belgilangan tartibda ko‘rib chiqilib, ularning 21 ming 730 tasi yoki 75,6 foizi qanoatlantirilgan.
Attestatsiyada ishtirok etishga ruxsat berilgan pedagoglarning 865 nafari navbatdagi majburiy, 20 ming 865 nafari esa navbatdan tashqari malaka sinovlariga ro‘yxatga olingan.
Termiz shahridagi 14-umumta’lim maktabida tashkil etilgan sinovlarni o‘tkazish uchun zarur tashkiliy-texnik sharoitlar yaratilgan. Pedagoglarning sinovlarda qulay sharoitda ishtirok etishi, baholash jarayonlarining adolatli va shaffof o‘tishiga alohida e’tibor qaratilmoqda.
– Attestatsiya jarayonlarida shaffoflik va xolislikni ta’minlash ustuvor vazifalardan biri, - deydi viloyat ta’limi boshqarmasining Pedagoglarning bilim va malakalarini baholashni tashkil etish sho‘’basi metodisti Jamshid Hayitmurodov. – Test sinovlarining kompyuterda real vaqt rejimida o‘tkazilishi tashqi aralashuvlarning oldini olish, inson omilini kamaytirish hamda natijalarning xolisligini ta’minlashga xizmat qiladi. Shuningdek, attestatsiya jarayonlarini internet orqali kuzatish imkoniyati ham yaratilgan.
[gallery-32272]
Sinovlar davomida pedagoglarning o‘z mutaxassislik fani bo‘yicha bilim darajasi, kasb standarti talablarini o‘zlashtirgani hamda pedagogik mahorati baholanmoqda.
Mazkur attestatsiya jarayonlari o‘qituvchilarning kasbiy tayyorgarlik darajasini aniqlash, bilim va ko‘nikmalarini xolis baholash hamda malaka toifalarini belgilashga xizmat qiladi.
Jonibek QO‘ZIMURODOV (surat), O‘zA