Olimalar Turkiyada bilim va malaka oshirdi
“Olima” uyushmasi Andijon viloyat bo‘limi tashabbusi bilan viloyatdagi oliy o‘quv yurtlarida faoliyat olib borayotgan bir guruh yetakchi olimalar Turkiyaning Rize shahrida bo‘lib, bilim va malaka oshirib qaytdi.
Olimalar safar doirasida Recep Tayyip Erdoğan University tomonidan tashkil etilgan 144 soatlik dastur davomida zamonaviy ta’lim yondashuvlari, ilg‘or pedagogik texnologiyalar, ta’lim sifatini oshirish va ilmiy-tadqiqot faoliyatini rivojlantirish bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini boyitdi.
Shuningdek, dastur doirasida turkiyalik professorlar va mutaxassislar bilan o‘zaro tajriba almashish, xalqaro akademik aloqalarni rivojlantirish hamda ilg‘or tajribalarni o‘rganishga qaratilgan muloqotlar o‘tkazildi.


– Safar davomida turkiyalik hamkasblarimizdan o‘qitishda xalqaro tajribalardan foydalanish bo‘yicha ko‘p narsalarni o‘rgandik, – deydi "Olima" uyushmasi Andijon viloyati bo‘limi rahbari, biologiya fanlari doktori, professor Nasibaxon Noraliyeva. – Bu albatta, kelgusi faoliyatimizni yanada samarali olib borishga, talabalarga bilim berish sifatini oshirishga yordam beradi.

Olimalarning safar davomida zamonaviy metod va yondashuvlar bo‘yicha olgan bilim va tajribalari viloyatdagi oliy ta’lim muassasalari ta’lim jarayonlariga tatbiq etiladi. Bu albatta, ta’lim sifatini oshirishga, zamonaviy akademik muhit yaratishga xizmat qiladi.
Faxriddin Ubaydullayev,
O‘zA muxbiri