Ohangaronda zamonaviy konditsionerlar ishlab chiqariladi
Toshkent viloyatining Ohangaron tumanida sanoat salohiyatini yanada yuksaltirishga xizmat qiladigan yana bir yirik investitsiya loyihasi amalga oshirildi. Xususan, hududda “Premier Electrotech” kompaniyasi tomonidan zamonaviy konditsioner ishlab chiqarish korxonasining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Mazkur yirik loyiha nafaqat hudud iqtisodiyoti, balki aholi bandligini ta’minlash va mahalliy sanoat tarmog‘ini rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Korxonaning umumiy loyiha qiymati 30 million AQSH dollarini tashkil etadi. Shundan 16,5 million dollar zamonaviy ishlab chiqarish uskunalariga, 11 million dollar qurilish-montaj ishlariga hamda 2,5 million dollar aylanma mablag‘larga yo‘naltirildi.

Yangi ishga tushirilgan korxonada ilg‘or texnologiyalar asosida yuqori sifatli konditsionerlar ishlab chiqariladi. Korxonaning yillik ishlab chiqarish quvvati 200 ming donani tashkil etadi. Bir yilda 300 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarish imkoniyati yaratildi.

Eng muhimi, ushbu yirik sanoat ob’ektining faoliyati yo‘lga qo‘yilishi natijasida 150 nafar fuqaro doimiy ish o‘rni bilan ta’minlandi. Bu esa aholi daromadlarini oshirish, oilalar farovonligini mustahkamlash hamda tumanda ishsizlikni qisqartirishga xizmat qiladi.
Bugungi kunda Ohangaron tumanida investitsiya muhitini yaxshilash, yangi ishlab chiqarish quvvatlarini yaratish va eksportbop mahsulotlar hajmini ko‘paytirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar izchil davom ettirilmoqda. Joriy yilning birinchi yarmida investitsiya dasturi doirasida 108,6 million dollarlik hamda yil yakuni bilan jami 230,0 million dollarlik xorijiy investitsiyalar va kreditlar jalb qilinadi.
Shuningdek, mahalliylashtirish dasturi doirasida yil yakuniga qadar 511,1 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqariladi.
A. Musayev, O‘zA