Ogohlik va hushyorlikka chaqiruv
O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Sirdaryo viloyati kengashi hamda Sirdaryo tumani ichki ishlar bo‘limining terrorizmga qarshi kurashish guruhi hamkorligida Mudofaa vazirligi Havo hujumidan mudofaa qo‘shinlari va Harbiy havo kuchlari qo‘mondonligi tasarrufidagi harbiy qismda yosh harbiy xizmatchilar va askarlar ishtirokida ma’rifiy yig‘ilish o‘tkazildi.
Tadbirning asosiy maqsadi yosh harbiy xizmatchilarning huquqiy va siyosiy savodxonligini oshirish, ularning mafkuraviy immunitetini mustahkamlash hamda turli yot g‘oyalar va buzg‘unchi ta’sirlarga qarshi hushyorlikni kuchaytirishdan iborat bo‘ldi.

Yig‘ilishda globallashuv sharoitida yuzaga kelayotgan mafkuraviy tahdidlar, diniy ekstremizm va terrorizmning jamiyat xavfsizligiga ta’siri, axborot makonidagi xavf-xatarlar hamda ularning oldini olish choralari haqida atroflicha ma’lumot berildi. Shuningdek, yoshlarni yot g‘oyalar ta’siridan asrash, ularda mustaqil fikrlash ko‘nikmasini shakllantirish va milliy qadriyatlarga hurmat tuyg‘usini mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.

Mutaxassislar harbiy xizmatchilarga internet va ijtimoiy tarmoqlardan oqilona foydalanish, qonunlarga hurmat ruhini mustahkamlash, Vatanga sadoqat va fidoyilik tuyg‘ularini yuksaltirish bo‘yicha tavsiyalar berishdi.

Ochiq muloqot tarzida o‘tgan tadbirda ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan javob olishdi. Samimiy muhitda kechgan suhbat yosh harbiy xizmatchilarning mavzu bo‘yicha bilim va tushunchalarini yanada boyitishga xizmat qildi.

– Mamlakat tinchligi va xavfsizligini ta’minlashda har bir fuqaro, ayniqsa, yoshlarning ogohligi va faol fuqarolik pozitsiyasi muhim ahamiyatga ega. Shu bois bunday ma’rifiy tadbirlar yoshlarni turli tahdidlarga qarshi immunitetli, ma’nan yetuk va vatanparvar insonlar etib tarbiyalashda muhim o‘rin tutadi, – dedi tadbirda ishtirok etgan O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Sirdaryo viloyati kengashining harbiy qism va muassasalaridagi boshlang‘ich tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish hamda yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash bo‘limi boshlig‘i, kapitan Furqatjon Azimov.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri