Ta’tilda ham maktab gavjum — o‘quvchilar sport va ijod bilan band (+video)
Farg‘ona viloyati Oltiariq tumanidagi 38-maktabda yozgi ta’til kunlari bolalar uchun haqiqiy bayramona muhitda o‘tmoqda. Maktab hududida tashkil etilgan yozgi oromgohda o‘quvchilarning dam olishi, yangi bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lishi hamda bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishlari uchun barcha sharoitlar yaratilgan.
Maktab direktori Muqaddam Yusufjonovaning ta’kidlashicha, ta’til davomida ustozlar tomonidan turli mashg‘ulotlar va qiziqarli tadbirlar tashkil etilmoqda. Bolalar darslardan tashqari o‘z qiziqishlari bo‘yicha turli to‘garaklarda ham ishtirok etmoqda.
Ayniqsa, bu maktabda rasm chizishga ishtiyoqmand bolalar juda ko‘p. Ular tabiat qo‘ynida o‘tirib, o‘z tasavvurlari va orzularini qog‘ozga muhrlamoqda. Yosh musavvirlarning rang-barang ijod namunalari maktab muhitini yanada jonli va fayzli qilib turibdi. So‘lim tabiat bag‘rida o‘tayotgan mashg‘ulotlar bolalarga alohida zavq bag‘ishlamoqda.
Oromgoh dasturidan sport musobaqalari ham munosib o‘rin olgan. Futbol, voleybol, yugurish bellashuvlari, shuningdek shaxmat va shashka musobaqalarida bolalar faol ishtirok etib, o‘z iqtidorlarini namoyon qilmoqda.
Eng muhimi, ota-onalar ham farzandlarining bo‘sh vaqtlari mazmunli tashkil etilganidan mamnun. Ular farzandlarining kun bo‘yi foydali mashg‘ulotlar bilan band bo‘lib, yangi do‘stlar orttirayotgani, bilim va iqtidorlarini rivojlantirayotganini mamnuniyat bilan ta’kidlamoqda.
Mazkur maktabdagi yozgi oromgohda har bir kun yangi taassurot, yangi bilim va yangi yutuqlar bilan o‘tmoqda. Bu yerda bolalar nafaqat dam oladi, balki o‘z orzu va qobiliyatlarini kashf etib, yozgi ta’tilni unutilmas xotiralarga boy tarzda o‘tkazadi.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/y_EI4oR-Fu8" title="Taʼtilda ham maktab gavjum — oʼquvchilar sport va ijod bilan band" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>N.Rahmonova, S.Obidjonov (montaj), O‘zA