Og‘ir atletikachimiz Osiyo chempioni bo‘ldi
Hindistonning Gandhinagar shahrida og‘ir atletika bo‘yicha o‘tayotgan Osiyo chempionatining kechagi bahslarida O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi g‘oliblik shohsupasiga ko‘tarildi.
Kuchli raqobat va murosasiz kurashlar ostida kechgan -88 kilogramm vazn toifasidagi bahslarda hamyurtimiz Sarvar Zafarjonov yana bir bor o‘z mahorati va matonatini namoyish etdi.

Murosasiz kurashlarda kuchli raqobatchilarini ortda qoldirgan Sarvar Zafarjonov dast ko‘tarish mashqida 169 kg. natija qayd etib, oltin medalni qo‘lga kiritdi.
Aytish lozim, 28 ta mamlakatning 172 nafar og‘ir atletikachilari ishtirok etayotgan chempionatning dastlabki kunlarida -79 kg. vazn toifasida supaga chiqqan yana bir sportchimiz Abdulaziz Alimjonov 185 kg. hamda 191 kg. og‘irlikdagi toshlarni muvaffaqiyatli ko‘tarib, bronza medalini qo‘lga kiritgan edi.
Bugun qit’a birinchiligi musobaqalarida ayollar -77 va -86 kilogramm, erkaklar esa -94 kilo og‘irlikda sovrinli o‘rinlarga da’vogarlik qiladi.

Bugungi bellashuvlarda terma jamoamiz a’zosi Muhammadqodir Toshtemirov -94 kilogramm vaznda vatanimiz sharafini himoya qiladi.
Chempionat musobaqalari 18-mayga qadar davom etadi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA