Og‘ir ahvoldagi 5 yoshli bolaning hayoti saqlab qolindi – yo‘g‘on ichakdan yangi qizilo‘ngach shakllantirildi
Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmatining xabar berishicha, yurtimiz shifokorlari tomonidan noyob va o‘ta murakkab operatsiya amalga oshirilib, og‘ir ahvoldagi 5 yoshli bolaning hayoti saqlab qolindi.
Ma’lum qilinishicha, Umarjon Abdurazzoqov o‘tgan yili tasodifan kaustik soda ishqorini iste’mol qilib yuborgan. Oqibatda bolada qizilo‘ngachning chandiqli torayishi yuzaga kelib, vaqt o‘tishi bilan u mutlaqo ovqatlana olmaydigan holatga tushib qolgan.
Shundan so‘ng bemor Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markaziga olib kelingan. Dastlab uning hayotini saqlab qolish maqsadida oshqozoniga maxsus naycha o‘rnatilib, muammo vaqtinchalik bartaraf etilgan. Keyinchalik esa murakkab jarrohlik amaliyoti zarurligi bolaning yaqinlariga tushuntirilgan.
Biroq ota-ona farzandini xorijda davolatishga qaror qilgan. Chet el klinikasida o‘tkazilgan operatsiyadan keyin esa bemorning ahvoli yanada og‘irlashgan.
Qaytadan yurtimizga olib kelingan bola tekshiruvdan o‘tkazilganda, xorijdagi amaliyot vaqtida qizilo‘ngach oshqozon hisobidan qayta shakllantirilib, oshqozon yuqoriga ko‘tarilgan holda qizilo‘ngach qoldig‘iga ulangani aniqlangan. Bu esa “yangi” transplantantning yurakka bosim o‘tkazishiga va uni siqib qo‘yishiga olib kelgan.
Tibbiyot fanlari doktori, professor Habibulla Oqilov boshchiligidagi mutaxassislar jamoasi tomonidan o‘tkazilgan jarrohlik amaliyoti qariyb 5 soat davom etgan. Yurtimizda ilk bor amalga oshirilgan ushbu murakkab operatsiya davomida oshqozon qayta joylashtirilib, yo‘g‘on ichakdan yangi qizilo‘ngach shakllantirilgan.
Hozirgi vaqtda bolaning ahvoli yaxshi bo‘lib, yaqin kunlarda u oilasi bag‘riga qaytishi kutilmoqda, deyiladi xabarda.
Mohigul Qosimova,
O‘zA