Irodasi kuchli inson qiyinchilikni yenga oladi
Buxoro viloyati Jondor tumani Ko‘liyon mahallasida yashovchi Asrbek Soliyev 2021-yilda chet elda mehnat qilib yurgan paytida avtohalokat natijasida o‘ng oyog‘idan ayriladi. Bu har qanday inson uchun og‘ir sinov, ruhiy va jismoniy zarba bo‘ldi. Biroq, Asrbek bu qiyinchilikka taslim bo‘lmadi. Oilasi, ayniqsa, bobo-buvisining ma’naviy qo‘llab-quvvatlashi unga kuch bag‘ishladi va hayotga bo‘lgan ishonchini yanada mustahkamladi.
Bugungi kunda Asrbek o‘z tomorqasida tashkil etgan issiqxonada 35 tup limon ko‘chatlarini parvarishlab, har bir tupdan o‘rtacha 1 million so‘m atrofida daromad olmoqda.
Asrbek salomatligini yaxshilash maqsadida Jondor tumani “Inson” ijtimoiy xizmatlar markaziga murojaat qildi. Mutaxassislar uning holatini o‘rganib, o‘lchamlar olishdi va uni zamonaviy, qulay protez bilan ta’minlashdi. Yangi protez Asrbekning kundalik hayotini yengillashtirib, uning yanada faol bo‘lishiga madad bo‘ldi.

Shu bilan birga, “Inson” markazi tomonidan berilgan ikki quti asalari uyasi orqali u asalarichilikni ham boshladi. Bobosi tomonidan qo‘shimcha uch quti asalari uyasi olib berilishi esa uning bu sohadagi faoliyatini yanada kengaytirdi. Hozirda Asrbek asalchilikni rivojlantirish bilan birga, yoshlar uchun 30 yilga ajratilgan yer maydonini ham qo‘lga kiritib, dukkakli ekinlar ekishni rejalashtirgan.

– Nogironlik guruhining belgilanishi, bu hayotdan to‘xtash degani emas. Inson kimgadir yuk bo‘lmasdan mehnat qilishi, maqsad sari intilgan holda yashashi kerak. Agar to‘xtasang orqaga ketasan. Mehnatni sevgan insondan dard ham chekinadi, – deydi u.
Asrbek Soliyevning hayot yo‘li matonat, sabr va mehnatsevarlikning yorqin namunasidir. U o‘z taqdiridagi og‘ir sinovlarga qaramay, o‘zini topa oldi, mehnat qildi va jamiyatda o‘z o‘rnini mustahkamladi. Bu inson irodasi kuchli bo‘lsa, har qanday qiyinchilikni yengib o‘tishiga yana bir misoldir.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.