Odamlarga foydasi tegayotgan inson
Oramizdagi zamondoshlarimizShunday kasblar borki, ularning qadri kundalik hayotda, ayniqsa, mushkul vaziyatlarda yanada yaqqol namoyon bo‘ladi. Gaz ta’minoti sohasida mehnat qilayotgan chilangarlar ana shunday mas’uliyatli kasb egalaridir. Ular yilning qaysi fasli bo‘lishidan qat’i nazar, aholi o‘z xonadonlarida osoyishta va xavfsiz hayot kechirishi uchun doimo hushyorlikda xizmat qiladilar.
“Qiziltepatumangaz” gaz ta’minoti bo‘limi chilangari Baxtiyor Karimovning mehnat faoliyati ham ana shu mas’uliyat va fidoyilik bilan uyg‘un. U 1991-yilda gaz sohasiga ilk qadam qo‘ygan. O‘sha davrdan buyon 35 yil mobaynida bir kasbga sodiq qolib, o‘z mehnati bilan mustaqillik yillariga hamohang hayot yo‘lini bosib o‘tdi.
Baxtiyor Karimov kamtar, kamgap va mehnatsevar inson. U ko‘p gapirishni emas, amali bilan o‘zini namoyon etishni afzal ko‘radi. Shu bois jamoada ham, aholi orasida ham o‘zining halol mehnati, mas’uliyatliligi va kasbiga sadoqati bilan hurmat qozongan.
Chilangarlik oson kasb emas. Yozning jazirama issig‘ida ham, qishning qahraton sovug‘ida ham mutaxassislar gaz taqsimlash qurilmalarini texnik nazoratdan o‘tkazadi, sozlash ishlarini bajaradi, yuzaga kelgan nosozliklarni tezkor bartaraf etadi. Buning uchun esa nafaqat kasbiy mahorat, balki yuksak mas’uliyat va sabr-toqat ham talab etiladi.
Baxtiyor Karimov bu vazifalarni yillar davomida sidqidildan bajarib kelmoqda. Ayniqsa, avariya-dispetcherlik xizmati chilangari sifatida uning ish kuni turli chaqiruvlar bilan kechadi.

– Har kuni ishga “xalqimga nafim tegsa, foydam tegsa”, degan ezgu niyat bilan kelaman, – deydi Baxtiyor Karimov. – Kun davomida 20-30 tagacha chaqiruv asosida xonadonlarga boramiz. Gaz sizib chiqishi, elektron gaz hisoblash uskunasida nosozlik yuzaga kelishi yoki boshqa muammolar bo‘yicha murojaatlar bo‘ladi. Xonadonga borib, vaziyatni o‘rganamiz va muammoni imkon qadar tezkor bartaraf etamiz. Aholi sifatli xizmatimizdan mamnun bo‘lib, minnatdorlik bildirsa, barcha charchoqlar unutiladi.
35 yillik mehnat faoliyati davomida Baxtiyor Karimov nafaqat o‘z kasbining sir-asrorlarini mukammal egalladi, balki “ustoz-shogird” an’analarini ham munosib davom ettirdi. Uning o‘nga yaqin shogirdlari bugun gaz ta’minoti sohasida mehnat qilib, ustozidan o‘rgangan kasb sirlarini amaliyotda qo‘llab kelmoqda.
– Shu kasbim tufayli xalq orasida hurmat topdim, – deydi qahramonimiz. – Farzandlarimni oq yuvib, oq tarab voyaga yetkazdim, to‘ylar qildim. Bularning barchasida halol mehnatimning o‘rni bor, deb o‘ylayman. Gazchilik sohasini tanlaganimdan hech qachon afsuslanmaganman. Aksincha, bu kasbimdan faxrlanaman.
Darhaqiqat, mustaqillikning 35 yili mamlakatimiz hayotida ulkan o‘zgarishlar, bunyodkorlik va taraqqiyot yillari bo‘ldi. Bu yillar davomida yurtimizda yangi korxonalar, zamonaviy infratuzilma ob’ektlari barpo etildi, aholiga kommunal xizmat ko‘rsatish sifati va samaradorligini oshirishga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi.

Ana shu ulkan o‘zgarishlarning zamirida, avvalo, o‘z kasbiga sadoqat bilan mehnat qilayotgan oddiy va fidoyi insonlarning mashaqqatli mehnati mujassam. Baxtiyor Karimov singari kasbini qadrlaydigan, o‘z vazifasiga vijdonan yondashadigan, odamlar og‘irini yengil qilishni hayotining mazmuni deb biladigan insonlar mehnati hamisha e’zozga loyiq.
Bunday insonlar bor ekan, yurtimizda mehnat qadri, inson qadri va kasbga sadoqat tuyg‘usi yanada yuksalaveradi.
A.Bo‘riyev,
O‘zA muxbiri