Birlashib, buyuk tarix yaratamiz: “Ma’rifat karvoni” start oldi
Vatanimiz mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan tantanali bayram tadbirini xalqimiz va xorijiy mehmonlar katta qiziqish va e’tibor bilan kuzatdi. Ushbu tantanalar mamlakatimizning istiqlol yillaridagi, ayniqsa, keyingi yangilanish yillari davomidagi taraqqiyot odimlarini ko‘rsatib bergani bilan ahamiyatli bo‘ldi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning mamlakatimiz davlat mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqida ilgari surilgan g‘oya va tashabbuslarni keng jamoatchilikka yetkazish, kelgusi taraqqiyotning ustuvor vazifalarini joylarda keng targ‘ib qilish maqsadida “Birlashib, buyuk tarix yaratamiz” mavzusidagi “Ma’rifat karvoni” ilmiy-ma’rifiy loyihasiga start berildi.

Loyiha Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, Ijtimoiy-ma’naviy tadqiqotlar instituti hamda “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati hamkorligida tashkil etilmoqda.

Joriy yilning sentabr–dekabr oylarida mamlakatimizning barcha hududlarida o‘tkaziladigan tadbirlar doirasida davlat xizmatchilari, “mahalla yettiligi”, hojilar, oqila ayollar, nuroniylar, pedagoglar, yoshlar va keng jamoatchilik vakillari bilan uchrashuvlar tashkil etiladi.

“Ma’rifat karvoni”ning asosiy maqsadi Prezident nutqida belgilangan strategik vazifalarni aholiga sodda, xalqchil va hayotiy misollar asosida tushuntirish, islohotlarning inson hayotidagi amaliy ahamiyatini ochib berish va jamiyatda daxldorlik hissini kuchaytirishdan iborat.

Prezident nutqida O‘zbekiston taraqqiyotining kelgusi o‘n yilligi “Milliy yuksalish o‘n yilligi” sifatida belgilab berildi. Unda milliy yuksalishga, avvalo, xalqimizning aql-zakovati, mehnati va birdamligi orqali erishish g‘oyasi ilgari surildi. Shu maqsadda inson qadrini yanada yuksaltirishga qaratilgan 7 ta milliy dasturni amalga oshirish belgilandi.

Mazkur dasturlar ta’lim va kasb-hunar, aholi salomatligi, yuqori texnologiyalarga asoslangan iqtisodiyot, suv va ekologiya, qonun ustuvorligi va sud mustaqilligi, mahalla taraqqiyoti hamda O‘zbekistonning tinchlik va do‘stlik diyori sifatidagi nufuzini yanada yuksaltirish kabi muhim yo‘nalishlarni qamrab oladi.

“Ma’rifat karvoni” tadbirlarida ushbu vazifalarning mazmun-mohiyati bilan bir qatorda tarixiy meros va milliy o‘zlikni asrash, yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ilm-fan va ta’limni rivojlantirish, aholi farovonligini oshirish, ekologik barqarorlikni ta’minlash, qonun ustuvorligini mustahkamlash hamda tinchlik va hamjihatlikni asrash masalalariga alohida e’tibor qaratiladi.
“Birlashib, buyuk tarix yaratamiz” g‘oyasi asosida o‘tkaziladigan “Ma’rifat karvoni” tadbirlari yurtimizning barcha hududlarida ma’rifiy muloqotlarni yangi bosqichga olib chiqish, islohotlarning mazmun-mohiyatini keng jamoatchilikka yetkazish va milliy yuksalish maqsadlari atrofida jamiyat birdamligini mustahkamlashga xizmat qiladi.
N.Usmonova,
O‘zA