Ochiq muloqot: talabalarning tashabbus va takliflari tinglandi
Tibbiyot va farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori Abdulla Azizov Farmatsevtika texnik universiteti talabalari bilan uchrashib, ularning taklif va tashabbuslarini tingladi.
Samimiy muloqot davomida universitet hayotini yanada takomillashtirish, ilmiy va innovatsion faoliyatni qo‘llab-quvvatlash hamda yoshlarning g‘oyalarini amaliyotga tatbiq etish masalalari muhokama qilindi.
Biznes yo‘nalishida tahsil olayotgan talabalar startap loyihalarini rivojlantirish bo‘yicha o‘z takliflarini bildirdi. Agentlik direktori istiqbolli tashabbuslar har tomonlama qo‘llab-quvvatlanishi, ularni amalga oshirish uchun zarur tashkiliy va amaliy ko‘mak ko‘rsatilishini ta’kidladi.

Shuningdek, universitet volontyorlar klubi faoliyatini kengaytirish, uni shahar miqyosiga olib chiqish, boshqa oliy ta’lim muassasalari talabalari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish hamda yirik ijtimoiy va sohaviy tadbirlarda ishtirokini kengaytirish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Uchrashuv yakunida talabalarning bilim olishi, ilmiy izlanishlari va innovatsion tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash Agentlik faoliyatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekani va ularning istiqbolli g‘oyalarini ro‘yobga chiqarishda har tomonlama amaliy ko‘mak ko‘rsatilishi qayd etildi.
Mohigul Qosimova, O‘zA