OAV vakillari uchun press-tur (+video)
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi tomonidan Nukus shahrida amalga oshirilayotgan yirik qurilish va infratuzilma loyihalari bilan yaqindan tanishish maqsadida ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida press-tur tashkil etildi.
Tadbirda ishtirokchilar shahar hududida qurilayotgan va rekonstruksiya qilinayotgan muhim ob’ektlar bilan tanishib, mutaxassislardan batafsil ma’lumot oldi hamda joylarda olib borilayotgan ishlar jarayonini bevosita kuzatish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Dastlab Nukus shahri “Nao‘pir” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida aholining uy-joyga bo‘lgan ehtiyojini qondirish maqsadida olib borilayotgan ko‘p qavatli uy-joylar qurilishi bilan tanishildi. Ushbu hududda “Max elit stroy” mas’uliyati cheklangan jamiyat tomonidan 135 xonadonli 3 ta ko‘p qavatli turar joy binosi, shuningdek, “Fayz magnat” mas’uliyati cheklangan jamiyat tomonidan 150 xonadonli ko‘p qavatli turar joylarning qurilish ishlari izchil amalga oshirilmoqda.
Press-tur doirasida ishtirokchilar Nukus shahridagi markaziy “Turon” o‘yingohini rekonstruksiya qilish ishlari bilan ham tanishdi. Umumiy qiymati 101 milliard 846 million so‘m bo‘lgan loyiha natijasida mazkur o‘yingoh 12 ming nafar tomoshabinga mo‘ljallangan, xalqaro standartlarga javob beradigan, zamonaviy infratuzilmaga ega. Bugungi kunga qadar “Nasaf mega stroy” mas’uliyati cheklangan jamiyat tomonidan 72 milliard so‘mlik qurilish ishlari amalga oshirilgan.
[gallery-29459]
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 27-dekabrdagi “2026 — 2028-yillarda O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq “Nukus ilg‘or kasb-hunar texnikumi” binosini rekonstruksiya qilish belgilangan. Ob’ektning tender bahosi 28,3 milliard so‘m bo‘lib, shundan, 12,9 milliard so‘mi moliyalashtirilgan. Bugungi kunda “Ustyurt trans” ma’uliyati cheklangan jamiyat tomonidan 6,8 milliard so‘mlik qurilish-ta’mirlash ishlari amalga oshirilgan.
Nukus shahridagi “Jeke terek” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida 16 qavatli 80 xonadonli turar-joy binosining qurilish ishlari amalga oshirilmoqda. Bugungi kunda “Dek stroy Nukus” mas’uliyati cheklangan jamiyat quruvchilari tomonidan turar-joyning fasad qismini bazalt bilan qoplash ishlari amalga oshirilmoqda.
Ushbu tadbir ommaviy axborot vositalari vakillariga hududda amalga oshirilayotgan yirik loyihalar, aholi uchun yaratilayotgan sharoitlar va infratuzilmaning rivojlanishi bilan bevosita tanishish imkonini berdi.
<iframe width="830" height="454" src="https://www.youtube.com/embed/IsMn7c6F7XM" title="OAV vakillari uchun press-tur" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.