“Oʻzbekiston Qahramoni” unvoni va oliy nishon – “Oltin yulduz” medali birinchi bor 1995-yilda berilgan.
“Oʻzbekiston Qahramoni” unvoni va oliy nishon – “Oltin yulduz” medali birinchi bor 1995-yilda berilgan. Ushbu yuksak davlat mukofotini yurtimizda bir necha oʻn kishi olishga muyassar boʻlgan. Jamiyat hayotining turli jabhalarida faol va fidokorona mehnat qilgan, yosh avlod taʼlim-tarbiyasi, maʼnaviyatini yuksaltirish, salomatligini mustahkamlash, Vatanimizning xalqaro miqyosdagi obroʻsi va nufuzini oshirishga munosib hissa qoʻshgan quyidagi oʻn olti nafar fidoyi, faol, tashabbuskor ayol Oʻzbekiston Qahramoni degan yuksak nomga munosib topilgan.
1. Muyassar Temirova. Oliy darajadagi unvon taʼsis etilgan yili ushbu sharafga sazovor boʻlgan. Opa Buxoro shahridagi “Zardoʻz” aksiyadorlik jamiyatining yuksak badiiy buyumlar tayyorlash uchastkasining katta ustasi sifatida uzoq yillar mehnat qilgan. Zardoʻzlik sanʼatini nozik did bilan tayyorlangan sanʼat durdonalari bilan boyitgan.
2. Oyshaxon Qoʻchqorova. Namangan viloyat tugʻruqxonasida uzoq yillar mehnat qilgan. Faoliyati mobaynida ona va bola salomatligini asrashdek masʼuliyatli ishni sidqidildan bajargan. (1996 y).
3. Manzura Madaliyeva. Qoʻqon shahridagi 10-umumtaʼlim maktabida matematika fanidan saboq bergan. Mamlakatimiz taʼlim tizimida zamonaviy usullar, koʻrgazmali qurollar bilan dars oʻtishni boshlab bergan dastlabki pedagoglardan. Muallima oʻtkazgan ochiq darslar, matematika kechalari mamlakatimiz boʻylab namunali dars sifatida koʻrsatilgan. Koʻplab shogirdlari bugungi kunda jamiyatda oʻzining mustahkam oʻrnini topib ulgurgan. (1997 y).
4. Onesiya Saitova. Ayni paytda Qoraqalpogʻiston Respublikasi hududiy perinatal markazi akusher-ginekologi. Ona va bola hayoti xavfsizligi uchun masʼul shifokor 3 mingdan ortiq jarrohlik amaliyotini muvaffaqiyatli bajargan. (1997 y).
5. Mavluda Ismatova. Toshkent shahri Yunusobod tumanidagi 273-umumtaʼlim maktabida uzoq yillar pedagogik faoliyat bilan shugʻullangan. Iqtidorli oʻquvchilar bilan tizimli ishlash, oʻgʻil-qizlarning qiziqish va layoqati, intellektual salohiyatiga qarab fanlar boʻyicha ixtisoslashtirilgan tarzda bilim berish metodikasini amaliyotga joriy etgan. (1999 y).
6. Martiya Rahmatova. “Buxoroteks” hissadorlik jamiyati 1-yigiruv-toʻquv fabrikasining yigiruvchisi sifatida uzoq yillar faoliyat yuritgan. Sohadagi fidokorona mehnati bilan alohida eʼtirofga sazovor boʻlgan. (1999 y).
7. Vera Pak. Xiva shahridagi 20-Mehribonlik uyida uzoq yillar mehr-muruvvatga intiq, norasida bolalarni tarbiyalash, ularni el koriga kamarbasta insonlar etib kamolga yetkazishga ulkan hissa qoʻshgan. Oʻzining 57 yillik pedagogik faoliyati mobaynida ota-ona mehriga tashna koʻplab bolalarning yuragida hayotga, kelajakka mustahkam ishonch uygʻotgan. Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari mustaqil hayotga qadam qoʻyganidan soʻng ham ularni maʼnaviy jihatdan qoʻllab-quvvatlab, kasb-hunar oʻrganishi, oila qurib, uy-joyli boʻlishida yoʻlida jonbozlik koʻrsatdi. (2001 y).

8. Dilbar Akromova. Oʻzbekiston “Mehr-shafqat va salomatlik” jamgʻarmasi Namangan viloyati boʻlimi boshqaruvi raisi sifatida 1996-yildan umrining oxirigacha faoliyat yuritgan. Jamgʻarmaga rahbarlik qilganida Pop tumanida 100 gektarga yaqin tashlandiq yerni olib, “Mehr-shafqat” fermer xoʻjaligi tashkil etgan. U yerda baliqchilik, sholichilik, bugʻdoy yetishtirish bilan shugʻullandi. Olingan daromad nogironlarga, kam taʼminlangan oilalarga tarqatildi. (2002 y).
9. Anor Mahmudova. Xorazm viloyati Gurlan tumanidagi 5-maktab direktori. Matematikaning nechogʻli jozibador va maftunkor fan ekanini oʻquvchilarga isbotlagan. (2004 y).
10. Malika Abdullaxoʻjayeva. Respublika patologik anatomiya markazi direktori sifatida uzoq yillar mehnat qilib, yurtimiz tibbiyoti rivojiga munosib hissa qoʻshgan. Qahramon opa Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan fan arbobi, Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi akademigi, tibbiyot fanlari doktori, professori unvonlarini olgan. (2006 y).
11. Xolchaxon Mirzayeva. Namangan viloyati Toʻraqoʻrgʻon tumanidagi “Xadicha aya” fermer xoʻjaligi raisi. Tadbirkorlik, yerdan zar undirishning hadisini olgan qishloq xoʻjaligi sohasining fidoyilaridan. (2007 y).
12. Siyosatxon Abdullayeva. Andijon viloyati Oltinkoʻl tumanidagi “Oltinkoʻl vodiy gulshani” fermer xoʻjaligi rahbari. Ishbilarmon ayol sifatida hamqishloqlarining turmush farovonligi, yurt maʼmurchiligiga qoʻshgan faol hissasi bilan barchaning yodida mangu muhrlangan. (2008 y).
13. Patilaxon Ergasheva. Fargʻona viloyati Buvayda tumanidagi “Patilaxon” fermer xoʻjaligi rahbari. Tunlarni tonglarga ulab tinim bilmagan onaxon halol mehnat insonga chin ziynat bagʻishlashini amalda isbotlagan. Yurtimizda birinchilar qatorida fermer xoʻjaligi tashkil qilgan. (2010 y).
14. Suyima Gʻaniyeva. Atoqli navoiyshunos olima. Oʻzining qariyb 60 yillik ilmiy-pedagogik faoliyati davomida oʻzbek mumtoz adabiyoti boʻyicha fundamental tadqiqotlar olib bordi. Mustaqillik yillarida adabiyotimiz va madaniyatimizni rivojlantirish, milliy adabiyotimizning jahon madaniy sivilizatsiyasida tutgan oʻrnini xalqaro miqyosda keng targʻib etishga katta hissa qoʻshdi. Ilmiy faoliyati davomida yaratgan 14 ta monografiya, 350 dan ziyod ilmiy-nazariy maqolalar mamlakatimiz va xalqaro ilmiy nashrlarda chop qilingan, 20 dan ortiq oʻquv-metodik qoʻllanmalari respublika oliy taʼlim muassasalari oʻquv jarayoniga tatbiq etilgan. (2015 y).
15. Muhabbat Sharapova. Qarshi shahridagi 2-ixtisoslashtirilgan umumiy oʻrta taʼlim maktab-internatining matematika fani oʻqituvchisi. Uning koʻplab oʻquvchilari xalqaro miqyosdagi fan olimpiadalarida muvaffaqiyat qozongan. (2016 y).
16.Lola Murodova. Fargʻona viloyati Oltiariq tumanidagi “Nurli obod” fermer xoʻjaligi boshligʻi. Koʻp yillar davomida traktorchi, oddiy ishchi, mexanik, tabelchi, brigadir, boʻlim boshligʻi, xoʻjalik raisi sifatida mehnat qildi. Xususan, Markaziy Fargʻonaning choʻl-dasht yerlarida paxta, boshoqli don yetishtirib, fermerlikda oʻziga xos tajriba va mahorat maktabi yaratdi. (2019 y).