Nyu-Yorkda UZBEX xalqaro savdo platformasi taqdim etildi
AQSHning Nyu-York shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Jamoat fondi, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, Toshkent shahar xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash markazi va Xalqaro "Business Diplomat" hamkorligida UZBEX xalqaro savdo platformasining rasmiy taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston va AQSH tadbirkorlari ishtirok etgan taqdimotda mamlakatimiz ishlab chiqaruvchilari, eksportchilari va xizmat ko‘rsatuvchi kompaniyalarini xalqaro xaridorlar bilan bog‘lashga qaratilgan raqamli savdo platformasi hisoblangan UZBEX haqida atroflicha ma’lumot berildi.
Ta’kidlash joiz, mazkur platforma orqali to‘qimachilik, oziq-ovqat, meva-sabzavot, quritilgan mevalar, hunarmandchilik mahsulotlari, shuningdek, IT, logistika, ta’lim va boshqa xizmatlarni jahon bozoriga olib chiqish imkoniyatlarini kengaytirish ko‘zda tutilgan.
[gallery-32292]
UZBEX milliy brendlarni xalqaro miqyosda targ‘ib qilish, xorijiy xaridorlar va distribyutorlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlikni rivojlantirish hamda O‘zbekistonning global savdo tizimiga integratsiyalashuvini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan strategik tashabbusdir.
O‘zA