“Dakar-2026” yoshlar Olimpiadasida O‘zbekiston sharafini kimlar himoya qiladi?
Bugun, 31-oktabr kuni Senegal poytaxti Dakar shahrida yoshlar o‘rtasidagi IV yozgi Olimpiya o‘yinlarining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tadi.
200 dan ziyod davlatning 2 ming 700 nafarga yaqin sportchilari ishtirok etayotgan bu galgi yoshlar o‘rtasidagi yozgi Olimpiya o‘yinlari musobaqalari 25 ta sport turi bo‘yicha tashkil etilmoqda.
O‘zbekiston sport delegatsiyasining 19 nafar a’zosi yoshlar o‘rtasidagi IV yozgi Olimpiya o‘yinlarining 11 ta turida sovrinli o‘rinlarga da’vogarlik qiladi.

Yoshlar Olimpiadasida navqiron bokschilarimizdan Ibrohim Shokirjonov (-65), Sabrina Chakomonova (-54), Rushanabonu Isoyeva (-60), dzyudochimiz Jo‘rabek Eshpo‘latov (-100), taekvondo WT yo‘nalishida Asadbek Samandarov (-55), suzish musobaqalarida Muhammadismoil Rahmonov (50 m brass, 100 m brass, 200 m brass) va Parizod Abdukarimova (50 m erkin, 50 m chalqancha, 100 m chalqancha), qilichbozlikda Nargiza Utebayeva (sablya, yakkalik), kamondan otishda Bekzod Boborajabov (yakkalik), sport gimnastikasida Yaroslava Chernobrovkina (yakkalik, ko‘pkurashi), yengil atletikada Parizoda Talabova (nayza uloqtirish), Shodiyona Rahmonova (400 m to‘siqlar osha), Nasimaxon Ma’mirova (2000 m to‘siqlar osha), Niginabonu Rajabova (100 m to‘siqlar osha), Shahzodbek Xolmurodov (uch hatlab sakrash), Munavvar Xolto‘rayeva (1500 m yugurish), ushuda Gulira’no Xolmo‘minova (taolu), triatlonda Abilayxan O‘rinbosarov (yakkalik), veloshosseda Gulhayo Sattorova (guruh poygasi, vaqt poygasi) mamlakatimiz sharafini himoya qiladi.

Bugun Olimpiya o‘yinlari dasturidan o‘rin olgan dzyudo, beysbol, suzish musobaqalari o‘tkaziladi.
Yoshlar olimpiadasi musobaqalari 13-noyabrga qadar davom etadi.
To‘lqin Ro‘ziyev,
O‘zA