Nyu-Yorkda AQSH va Eron muzokara o‘tkazdi
Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Arag‘chiy Nyu-Yorkda AQSH Prezidenti Donald Trampning maxsus vakillari Stiv Uitkoff va Jared Kushner bilan uchrashuv o‘tkazdi. Islom Respublikasi davlat televideniyesi tasdiqlashicha, BMT Bosh Assambleyasi tadbirlarida ishtirok etish uchun kelgan eronlik mulozim va amerikaliklar o‘rtasidagi ushbu suhbat mezbon tomonning qat’iy so‘roviga binoan tashkil etilgan.
Qariyb uch soat davom etgan muloqot davomida Tehron tomoni Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali kema qatnovini tiklash masalasida o‘z talabini ilgari surgan: AQSH joriy etgan dengiz qamalini zudlik bilan bekor qilish, Eronning muzlatib qo‘yilgan moliyaviy aktivini to‘liq ozod etish va “qarshilik fronti” harakat qilayotgan barcha hududlarda harbiy harakatni to‘xtatish.
“Anadolu” yozishicha, mazkur uchrashuv joriy yil iyun oyida Tehron va Vashington o‘rtasida kelishuv imzolangandan so‘ng avj olgan mojaro asnosida ikki mamlakat yuqori martabali vakillari ilk bor yuzma-yuz kelgan. Tramp muzokara ijobiy va muvaffaqiyatli kechganini ma’lum qilgan.
F.Yaxshiboyeva, O‘zA