BTA: Bolgariyada bojxona qoidabuzarligi uchun jinoiy javobgarlik kuchaytirilmoqda
Bolgariya hukumati boj qonunchiligi buzilishini jinoyat sifatida tan olish va noqonuniy savdo-sotiqqa qarshi kurashni kuchaytirish nazarda tutilgan Jinoyat kodeksi tuzatilishini tasdiqladi. Bosh vazir Rumen Radev Vazirlar mahkamasi yig‘ilishida ma’lum qilishicha, yangi o‘zgarish bojxona nazoratini ancha kuchaytiradi.
Ta’kidlanishicha, ayni payt bojxonadagi qoidabuzarlik shunchaki ma’muriy huquqbuzarlik sifatida baholanadi. Bu qoidani o‘zgartirish uchun ko‘p yil siyosiy iroda yetishmagan.
Taklif etilayotgan qonun loyihasi uyushgan jinoyatchilikning eng daromadli sohalaridan biri bo‘lgan Yevropa Ittifoqi chegaralaridan noqonuniy tovar olib o‘tish orqali milliy hamda qit’a moliyaviy manfaatiga zarar yetkazishga chek qo‘yishi kutilyapti.
Hukumat rahbari so‘zlariga ko‘ra, yangi me’yor nafaqat qonunni buzuvchilar va bojxona xodimlari, balki tizimdagi bunday qoidabuzarlikka qasddan ko‘z yumadigan yuqori lavozimli mansabdor shaxslarga nisbatan ham qo‘llanadi. Bundan tashqari YeI va milliy byudjet mablag‘ini o‘zlashtirish yoki boshqa g‘arazli maqsadga yo‘naltirish uchun har qanday ma’lumotni qasddan yashirish ham jinoiy javobgarlikka sabab bo‘ladi.
F.Yaxshiboyeva, O‘zA