Nukusda yoshlar bilan ochiq muloqotlar o‘tkazildi
FOTOREPORTAJ
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus shahrida O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi tashabbusi bilan “Avlodlar uchrashuvi” ma’rifiy loyihasi doirasida qator tadbirlar tashkil etilmoqda.
“Oq qush” majmuasida o‘tkazilgan navbatdagi tadbirda sud tizimida uzoq yillar faoliyat yuritib, jamoatchilik o‘rtasida obro‘-e’tibor qozongan sud faxriylari yoshlar bilan uchrashdi.
Shundan so‘ng Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universitetida talaba-yoshlar bilan “Yoshlar va kelajak” mavzusida ochiq muloqot o‘tkazildi. Shuningdek, Ibroyim Yusupov nomidagi ijod maktabida iste’dodli ijodkor o‘quvchilar bilan uchrashuv tashkil etildi. Tadbirlarning asosiy maqsadi jamiyatda inson qadri va uning sha’nini eng oliy qadriyat sifatida mustahkamlash g‘oyasini targ‘ib qilishdan iborat bo‘ldi.
[gallery-29187]
Tadbir ishtirokchilari I.V. Savitskiy nomidagi Qoraqalpog‘iston davlat san’at muzeyiga ham tashrif buyurdi. Mehmonlar Qoraqalpog‘istonning boy madaniy merosi, tasviriy san’at namunalari va tarixiy eksponatlar bilan yaqindan tanishdi.
Ma’lumot o‘rnida, 1966-yilda Nukus shahri markazida tashkil etilgan ushbu muzey fondida hozirgi kunda 100 mingga yaqin eksponat saqlanadi. Muzey dunyoda rus avangardi, shu jumladan Turkiston avangardi namunalari, Qoraqalpog‘istonning dekorativ-amaliy san’ati va noyob arxeologik topilmalar to‘plami bo‘yicha yetakchi o‘rinlardan birini egallaydi.
Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA