“Andijon polkasi” –jahon sahnasida
Andijon davlat pedagogika institutida “Madaniy meros: pedagogik-falsafiy, milliy va umumbashariy qadriyatlar uyg‘unligi” mavzusida xalqaro ilmiy seminar bo‘lib o‘tdi.
Andijon davlat pedagogika instituti tashabbusi bilan viloyat hokimligi, O‘zbekiston davlat xoreografiya akademiyasi, Hindistondagi Neru universiteti Markaziy Osiyo tillari va madaniyati instituti hamda yurtimiz va xorijdagi qator oliy ta’lim muassasalari hamkorligida tashkil etilgan seminarda “Andijon polkasi” raqsini targ‘ib etish, xalqaro miqyosdagi nufuzini oshirish, ilmiy jihatdan o‘rganish, shuningdek, uning tarixiy, madaniy va estetik ahamiyati masalalari muhokama etildi.
Ma’lumki, “Andijon polkasi” nomi bilan mashhur raqs o‘tgan asrning yigirmanchi yillarida taniqli musiqachi, O‘zbekiston Xalq artisti Orif (garmon) Toshmatov tomonidan yaratilgan.
Seminar ochilishida so‘z olgan Andijon davlat pedagogika instituti rektori, tarix fanlari doktori, professor Baxtiyor Rasulov “Andijon polkasi” raqsini milliy madaniy meros sifatida asrab-avaylash, uni zamonaviy ilmiy yondashuvlar asosida o‘rganish va xalqaro miqyosda targ‘ib etish dolzarb vazifalardan biri ekanligini ta’kidladi.
– Mazkur xalqaro ilmiy seminardan ko‘zlangan asosiy maqsad, “Andijon polkasi”ni YUNESKOning insoniyat nomoddiy madaniy merosi reprezentativ ro‘yxatiga kiritish bo‘yicha ilmiy asoslangan takliflar ishlab chiqishdan iborat, – deydi institut rektori B.Rasulov. – Shu nuqtai nazardan, seminar davomida ushbu noyob raqsning kelib chiqishi, rivojlanish bosqichlari, uning milliy o‘zlikni ifodalashdagi o‘rni hamda boshqa xalqlar raqs san’ati bilan o‘xshash va farqli jihatlari, tarixiy, madaniy va estetik ahamiyati tahlil etildi.
Seminarda Hindistondagi Neru universiteti Markaziy Osiyo tillari va madaniyati instituti direktori, professor Axloq Ahan, O‘zbekiston davlat xoreografiya akademiyasi professori, filologiya fanlari doktori Hulkaroy Hamroyeva, shuningdek, Turkiya, Shvetsiya, Qozog‘iston, Misr va boshqa davlatlardan nufuzli olimlar ishtirok etdi. Ular tomonidan milliy qadriyat va an’analarni rivojlantirish, shuningdek, “Andijon polkasi” raqsi turli ilmiy yo‘nalishlarda tahlil etildi.
Xususan, xorijiy mutaxassislar tomonidan “Andijon polkasi”ning xalqaro madaniy makondagi o‘rni, uning boshqa millatlar raqs san’ati bilan uyg‘un jihatlari, etnografik xususiyatlari yuzasidan ilmiy fikr-mulohazalar bildirildi.
Bundan tashqari, seminarda Rossiya Federatsiyasining Sankt-Peterburg huquqshunoslik va sud-texnik ekspertizasi oliy maktabi direktori, yuridik fanlar nomzodi Dmitriy Moxorov, qator xorijiy oliy ta’lim muassasalari mutaxassislari ham ZOOM platformasi orqali milliy raqs san’ati, jumladan, Andijon polkasi xususidagi ilmiy qarash va munosabatlarini aytib o‘tdi.
Shuningdek, seminarda ishtirok etgan Aziz Rajabiy milliy musiqa va raqs merosining tarixiy ildizlari, “Andijon polkasi” kuy va ohanglarining shakllanishi, rivoji haqidagi mulohazalari bilan o‘rtoqlashdi.
Seminar davomida o‘qilgan ma’ruzalar va ilmiy chiqishlarda “Andijon polkasi”ning pedagogik ahamiyati, yoshlar tarbiyasidagi o‘rni, madaniy diplomatiya vositasi sifatidagi roli hamda u global miqyosda ilmiy tadqiqot ob’ektiga aylanib borayotganligi qayd etildi.
Yakunda ishtirokchilar tomonidan “Andijon polkasi”ni YUNESKOning Insoniyat nomoddiy madaniy merosi reprezentativ ro‘yxatiga kiritish bo‘yicha ilmiy-amaliy takliflar ilgari surildi.
[gallery-29192]
Xalqaro ilmiy seminar yakunida hamkorlik va do‘stlik munosabatlarini mustahkamlash, turli davlatlar oliy o‘quv yurtlari olimlari o‘rtasidagi ilmiy aloqalarni rivojlantirish borasidagi samarali faoliyati uchun Andijon davlat pedagogika instituti rektori Baxtiyor Rasulov Hindistondagi Neru universiteti tomonidan xalqaro “Yil professori” sovrini bilan taqdirlandi.
Neru universiteti Markaziy Osiyo tillari va madaniyati instituti direktori, professor Axloq Ahan mukofotni tantanali ravishda topshirib, ushbu mukofot professor B.Rasulovning ilm-fan va ta’lim sohasidagi samarali faoliyati, xalqaro ilmiy hamkorlikni rivojlantirish, milliy-madaniy meros an’analarini o‘rganish, xalqaro maydonga olib chiqish borasidagi ishlarga qo‘shayotgan munosib hissasining e’tirofi ekanligini qayd etdi.
Faxriddin Ubaydullayev,
Zuhriddin Umrzoqov (foto), O‘zA muxbirlari.