Nukusda “Media haftalik” davom etmoqda
Nukus shahridagi “Oqqush” majmuasida mamlakatimizda yilning eng yirik va muhim ta’limiy-amaliy loyihasi – “Media haftalik” davom etmoqda. Kontent markazi tomonidan O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi, Yoshlar ishlari agentligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi hamda Vazirlar Kengashi hamkorlikda tashkil etilgan tadbirning uchinchi kuni Axborot xizmati rahbarlari va xodimlarining kasbiy bilim darajalarini sinash testi bilan boshlandi.
Shundan so‘ng, Kontent markazi mutaxassislari mamlakatimizdagi taniqli jurnalist va blogerlar tomonidan “O‘zbekistondagi islohotlar jarayonini yoritishning muhim yo‘nalishlari”, “Axborot sohasidagi faoliyatni tartibga soluvchi qonun hujjatlarining mazmun-mohiyati”, “Mediaxavfsizlik: SI davrida axborot maydoni himoyasi hamda blogerlarning raqamli gigiyenasi”, “Axborot xizmati faoliyat samaradorligini baholash (KPI) va ochiqlik indeksi”, “Korrupsiyaga qarshi kurashish: axborot xizmatlarining roli va ochiqlik mexanizmlari” va boshqa dolzarb mavzularda ma’ruzalar tinglanib, taqdimotlar o‘tkazildi.

– Jurnalistika doimiy charxlanib boruvchi kasblardan biri deb bilaman. Ayniqsa, bu global axborot zamonida yanada yaqqol sezilmoqda. Ushbu davrda faoliyat olib borayotgan jurnalistlar ham bugungi zamon talabiga javob bera olish uchun, doimiy o‘rganish, o‘qish va izlanishga majbur. Ayni kunlarda bo‘lib o‘tayotgan “Media haftalik” ayni shu maqsadga yo‘naltirilgani bilan ahamiyatli bo‘lmoqda. Mashg‘ulotlar davomida lavhalarni va tahliliy reportajlarni tomoshabinni zeriktirmaydigan tarzda tayyorlash usullari aniq misollar bilan ko‘rsatib berildi, – deydi “SEVIMLI” telekanalining Qoraqalpog‘iston Respublikasi muxbiri Tamara Jumaniyazova.

– Haftalik mashg‘ulotlari yuqori darajada o‘tkazilmoqda. Unda sohaning yetakchi media ekspertlari, tajribali jurnalistlar tomonidan ishtirokchilarga maqola, xabar tayyorlash va tarqatishning zamonaviy usullari, raqamli jurnalistika, media-marketing, faktcheking, auditoriya bilan samarali muloqot o‘rnatish kabi muhim yo‘nalishlar bo‘yicha amaliy bilim va ko‘nikmalar berib borilmoqda, – deydi Qonliko‘l tumani “Qonliko‘l xabarlari” gazetasi muharriri Guljamila Ametova.

Mashg‘ulotlar yakunida faol ishtirok etib, bilimlarini oshirgan telejurnalistlar, bosma nashrlar, blogerlar va davlat idoralari matbuot kotiblariga maxsus sertifikatlar topshiriladi. Shuningdek, haftalik yakunida hududdagi soha vakillarini qamrab oluvchi yirik Media forum tashkil etiladi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.